Navoiyda “Oltinsoy” tog‘ tizmasidan noqonuniy oltin qaziyotgan 4 kishi zaharlanib halok bo‘ldi, yana 3 kishi tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, 12-iyun kuni Xatirchi tumanida yashovchi 7 kishi “Oltinsoy” tog‘ tizmasidan tilla qumi qazib olish maqsadida borgan va chuqurlikka tushib, “elektrodvijok”dan chiqqan yoqilg‘i tutunidan zaharlanish oqibatida ularning 4 nafari voqea joyida vafot etgan. Yana 3 nafar fuqaro tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Xatirchi tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, noqonuniy ravishda tilla qumlarini qazib oluvchilarni aniqlash va bu kabi noqonuniy harakatlarning oldini olish yuzasidan muntazam ravishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tadbirlar o‘tkazilib, aniqlangan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
2021-yilning yanvarida Jizzaxda oltin rudasini noqonuniy ravishda qazib olishga uringan to‘rt kishini tosh bosib qolgani haqida xabar berilgan edi. Ularning 2 nafari voqea joyida vafot etgan, 2 nafari esa turli xil darajadagi sinish va boshqa tan jarohatlari bilan shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Izoh (0)