Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida Nexia ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi IIV YHXBB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, “Gultepa” mahallasidan o‘tgan xalqaro ahamiyatga ega M-41 avtomobil yo‘lining 1525-kilometrida piyoda yo‘lning qatnov qismining belgilanmagan qismidan kesib o‘tishga uringan. Bu vaqtda katta tezlikda kelayotgan Nexia piyodani urib yuborgan. Jabrlanuvchi olgan tan jarohatlari oqibatida shifoxonada vafot etgan.
“Piyoda yo‘lga chiqib qolib, ikkilandi. Orqaga qaytdida, yugurib o‘tib ketaman deb o‘yladi”, — deydi haydovchi.
Voqea joyida tormoz izlari o‘lchanganida, u 35 metrni tashkil etgan. Haydovchi qilgan ishidan pushaymonligini aytib, haydovchilardan tezlikni oshirmaslikni so‘ragan.
Avvalroq Yangiyo‘lda yo‘lning qatnov qismiga yotib olgan piyodani bosib ketib, voqea joyidan yashiringan Nexia haydovchisi qo‘lga olingani, Namanganda Damas urib yuborishi oqibatida 49 yoshli fuqaro vafot etgani, Toshkentda piyoda Lacetti urib yuborishi oqibatida halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)