Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat aholisi quroldan foydalanish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi kerak, degan fikrda. Bu haqda “BelTA” davlat agentligiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
“Ertaga jang qilmasligimizga kim kafolat beradi? Siz ham, men ham, hech birimiz kafolat berolmaymiz. Dunyo umuman aqldan ozgan. Xudo saqlasin-u, urush har qanday vaqtda har qaysi joyda boshlanib qolishi mumkin”, — deya ogohlantirdi Lukashenko hamda shu munosabat bilan aholini o‘qotar quroldan foydalanish ko‘nikmalariga o‘rgatish zarurligini ta’kidladi.
Prezident ushbu gaplarni Vitebsk viloyatiga ish safari chog‘ida aytgan, u yerda Lukashenko raketalar va o‘qotar qurollar uchun o‘q-dorilar ishlab chiqarish bilan tanishgan.
Lukashenko quroldan foydalanish sabog‘i birinchi navbatda mamlakat qurolli kuchlarida xizmat qilmaydiganlarga berilishi kerak, deb hisoblaydi. U buni “og‘ir davrlarda jang maydonida o‘rganishga majbur bo‘lmasligi uchun” talabalardan boshlashga chaqirdi.
Avvalroq Lukashenko mamlakat o‘z qurol-yarog‘ ishlab chiqarish sanoatini yo‘lga qo‘yishi kerakligini aytgan edi. “Agar Xudo saqlasin, qandaydir mojaro, urush bo‘lsa, har bir oila, hududiy organlar butun qurol-yarog‘ kompleksi bilan qurollangan bo‘lishi kerak. Shunda dushman bizga yaqinlashmaslik yaxshiroq ekanini tushunadi”, — degan u.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qurol-yarog‘ ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun Belarus Rossiya tajribasidan foydalanishi mumkin, Rossiya bunga “mutlaqo qarshi emas”.
Mavzuga doir:
- Lukashenko Belarusda ikkinchi AES qurishga ruxsat berdi
- Putin va Lukashenko Sochida ikki kunlik uchrashuv o‘tkazdi. Ular dengizda sayr qilish bilan birga Sofya Sapega ishini muhokama qildi (foto va video)
- Lukashenko militsiya xodimlariga norozilik namoyishchilariga qarata o‘q uzish uchun ruxsat berdi
Izoh (0)