Ukrainaning Tailanddagi elchisi Andrey Beshta 45 yoshida vafot etdi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligiga tayanib “RBK” xabar berdi.
“30-may kuni Ukrainaning Tailanddagi favqulodda va muxtor elchisi 45 yoshli Andrey Petrovich Beshta vafot etdi”, — deyiladi xabarda.
Vazirlik marhumning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham ta’ziya izhor etdi va Beshtaning yuqori professional fazilatlarini qayd etdi.
“U oqko‘ngil inson va davlatimiz manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qilgan yuqori malakali diplomat edi”, — dedi prezident.
Tailand politsiyasi ma’lum qilishicha, diplomat Ko Lipe orolidagi mehmonxonasida o‘lik holda topilgan. G‘ayritabiiy o‘lim belgilari topilmagan. Bangkok postiga ko‘ra, mahalliy kasalxonada o‘tkazilgan dastlabki tekshiruv natijalari o‘lim sababi o‘tkir yurak yetishmovchiligi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Shuningdek, diplomatda COVID-19 ham aniqlanmadi.
Andrey Beshta Ivan Franko nomidagi Lvov milliy universitetining xalqaro aloqalar fakultetini tugatgandan so‘ng 1998-yilda Ukraina Tashqi ishlar vazirligida ish boshlagan.
U Nyu-Yorkdagi BMT ofisida Ukrainaning doimiy vakolatxonasida va Tailanddagi Ukraina elchixonasida ishlagan, BMT Bosh assambleyasining 67—70-sessiyalarida Ukraina delegatsiyasining a’zosi sifatida ishtirok etgan. U 2015-yildan buyon Ukrainaning Tailanddagi elchisi bo‘lib ishlardi. Shuningdek, u 2017-yildan beri Ukrainaning Laos va Myanmadagi elchisi vazifasini ham o‘tab kelardi.
Izoh (0)