Xalq deputatlari Andijon shahar kengashining 2021-yil 17-may kuni o‘tkazilgan navbatdagi sessiyasida deputatlar tintuvdan o‘tkazilgani, sessiyada, shuningdek, Andijonda yer sotuvchilarning kirdikorlarini fosh qilib yurgan deputat prokuror taqdimnomasiga ko‘ra daxlsizlik huquqidan mahrum qilingandi. Mazkur holat Oliy Majlis Senati tomonidan ham nazoratga olindi. Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi prokurorning bunday harakatini “oqlab bo‘lmasligi”ni ma’lum qilib, prokuror korrupsiya holati haqida xabar bergan shaxsni himoya qilishi kerakligini ta’kidladi.
Vaziyatni izohlagan Milliy gvardiya esa Andijon shahar hokimining topshirig‘iga asosan sessiya ishi boshlangunga qadar shahar IIB, prokuratura va hokimlikdan ajratilgan mas’ul xodimlar kuzatuvi ostida qo‘riqlash xodimi sessiya qatnashchilarini metallodetektor yordamida ko‘rikdan o‘tkazganini, uyali aloqa hamda ovozli videoga oluvchi vositalarini qoldirib kirishlari talab etilganini bildirdi.
“Daryo” muxbiri vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida jurnalistik surishtiruv o‘tkazib, deputat dahlsizligidan mahrum bo‘lgan Shuhrat Karimov, mazkur majlisda ishtirok etgan deputat Jahongir Jiyanov hamda Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarovlardan izoh oldi.
Shuhrat Karimovning ma’lum qilishicha, u xalq deputatlari Andijon shahar kengashiga 9-Sa’diy saylov okrugidan saylangan deputat sifatida qonun va qonunosti hujjatlar ijrosini xalqqa yetkazish va ijrosini nazorat qilishga harakat qilgan. Shu sababli bir qator tashkilotlarga tegishli tartibda deputatlik so‘rovlarini yuborgan. Bu esa mutasaddilarga yoqmagan.
“Muammo o‘zi nimadan boshlandi? Buning uchun salkam bir yil oldingi vaqtga qaytamiz. 2020-yilning 3-avgust kuni Andijon shahar hokimligida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov raisligida ‘Hafta davomida bajarilishi zarur bo‘lgan masalalar’ bo‘yicha yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda sektor va tashkilot rahbarlari hamda shahar Kengashi deputatlari qatnashdi. Ammo shaxsan o‘sha kuni o‘zim ishtirok etolmaganman. Yig‘ilishdan so‘ng Andijon shahar prokurori Qobil Asqarov pandemiya paytida ayrim deputatlar shaharda tashkil etilgan postlarda, oziq-ovqat do‘konlari hamda dorixonalarni o‘rganish davomida guvohnomalarini ko‘rsatib, to‘lov qilmasdan narsalar olib chiqib ketyapti deb, deputatlarni ta’magirlikda ayblagan. Lekin aynan qaysi deputat, qachon, qanday usulda ta’magirlik qilayotgani ochiqlanmagan.
O‘sha paytda Kengash tarkibidagi reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raisi Ilhom Abdulazizov karantinda bo‘lgani sababli uning o‘rinbosar sifatida 11 nafar deputat ishtirokida yig‘ilish o‘tkazganman. Ko‘tarilgan masalani atroflicha muhokama qilib, holatni ko‘pchilik deputatlarning sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz deb baholaganmiz va prokurorga deputatlar huquqlari buzilgani bo‘yicha so‘rov kirgizib, fikrlarini asoslantirib berishini so‘raganmiz. Afsuski, prokuror hech qanday munosabat bildirmagan. Aksincha, doimiy komissiyaga murojaat qilgan deputatlar aytganlaridan tonib, prokurorni maqtashga o‘tgan.
Fuqarolarning muammolarini ko‘tarib, qo‘ldan kelgancha yordam beryapmiz. Og‘zaki murojaatlar orasida Navoiy shoh ko‘chasidan o‘tuvchi temiryo‘l ko‘prigi oldida ‘avtomoyka’ qurish uchun noqonuniy tarzda yer ajratilgan. ‘Avtomoykani’ qurish jarayonida bir qator talablar buzilgan. Mazkur holatning qonuniyligini o‘rganib berishni so‘rab prokurorga ham deputat so‘rovi kiritgandim. Afsuski, prokuror so‘rovimga bu qonuniy ekanini, arxitektura normalariga to‘g‘ri kelishini aytib javob xati yuborgan. Aslida bu noto‘g‘ri. Chunki, prokuror o‘z javob xatida noqonuniy chiqqan hokimning farmoyishini oqlayotgandek edi. Men bu joyni aniq prokurorniki deya olmayman. Lekin unga yaqin shaxslarga tegishli ekani aniq. Buni o‘zim ham surishtirdim. Bu fakt”, — deydi Shuhrat Karimov.
Karimov deputatligi daxlsizligini yechishga uning Andijon shahri hokimi tomonidan “Yangi bozor” hududida besh qavatli avtoturargoh qurish uchun chiqarilgan qarorining bekor qilinishini sabab qilib ko‘rsatgan.
“Joriy yilning 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan 19-sessiyada shahar hokimi Bahrom Haydarovning ‘Yangi bozor’ hududida ‘ELEVADA UT GROUP’ MChJ tomonidan besh qavatli bino qurish, loyiha-smeta hujjatlari tayyorlashga ruxsat berish to‘g‘risi’dagi qarorini bekor qilish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan edi. Unda deputatlarning deyarli barchasi qo‘l ko‘tarib tasdiqladi. Ushbu qarorning bekor bo‘lishidan oldin deputat sifatida o‘rganish olib borganman. Shundan keyin negadir prokuratura tomonidan menga nisbatan bosimlar boshlandi. Hattoki, ko‘rib turganingizdek deputatligim daxlsizligini yechish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.
O‘tkazilgan sessiya haqida o‘z fikrimni bildiradigan bo‘lsam, sessiyadan oldin menga mazkur ish bo‘yicha hech qanday hujjat taqdim etilmadi. Sessiyaga kelgan deputatlarni zalga kiritishdan oldin yonlarida telefon yoki boshqa ovoz yozuvchi moslama bor-yo‘qligi tekshirilib, kuchishlatar tizim xodimlari tomonidan tintuv qilindi. Sessiya tegishli qonun va reglamentga zid holda o‘tkazildi. Sessiya to‘liq shahar hokimining ssenariysi asosida o‘tdi va deputatlarning katta qismi ovozi bilan deputatlik daxlsizligidan mahrum bo‘ldim”, — deydi deputat Karimov.
O‘zLiDeP partiyasi Andijon shahar kengashi apparat rahbari, shahar kengashi deputati Jahongir Jiyanov sessiyada kuchishlatar tuzilmalar vakillari ishtirok etishi va deputatlarning sessiyaga kirishdan oldin tintuv qilinishini mutlaqo qonunga zid ekanini aytmoqda.
“Deputatlarning Konstitutsiya va qonunosti hujjatlari, prezidentimiz tomonidan chiqarilayotgan qaror va farmonlarning ijrosini ta’minlashini nazorat qilishda hissasi katta. Saylovchilardan kelib tushayotgan murojaatlardan kelib chiqib, ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari Andijon shahar deputatlarining o‘z so‘zi, fikri bor. Oxirgi kunlarda bo‘layotgan ishlarni olib qaraydigan bo‘lsak. So‘nggi oylarda o‘tkazilgan sessiyalarda dolzarb masalalar ko‘rildi. Bir nechta masala prezidentning yer ajratish bo‘yicha qarorlariga muvofiq auksionda sotilmoqda.
Andijon shahridagi 9-Sa’diy saylov okrugiga partiyamizdan saylangan Shuhrat Karimov mas’ullar tomonidan bo‘layotgan noqonuniy xatti-harakatlarni sessiyaga ko‘tarib chiqib, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga murojaat qilishi ayrim mas’ullarning g‘ashiga tegdi desam yanglishmagan bo‘laman. Natijada shahar prokuraturasi tomonidan deputat Karimovning shaxsiy daxlsizligidan mahrum etish bo‘yicha taqdimnoma kiritildi. Xo‘sh daxlsizlik huquqidan mahrum etish nima beradi? Umumiy ma’noda qarasak davlat rahbarining so‘z erkinligi siyosatiga bolta urish desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Tan olish kerak kam sonli deputatlarimiz yurak yutib gapiradi. Omma va jurnalistlar bilan ochiq muloqotda bo‘ladi. 19-sessiyada deputatlarimiz dahlsizligi ta’minlandi. 20-sessiyaning o‘tkazilishi bizni ancha gumonlarga qo‘ydi. Prokuraturaning taqdimnomasini ijro etish noqonuniy amalga oshirildi. Sababi prokuratura muammoni sessiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri olib kirib, kun tartibiga qo‘yolmaydi. Senat reglamentiga asosan sessiya kun tartibiga muammoni faqat deputatlar, siyosiy partiyalar, hokimlar olib chiqish vakolatiga ega. Karimovning daxlsizlikdan yechish masalasini doimiy komissiya ham ko‘rib chiqmagan, xulosa ham bermagan. Doimiy komissiya yig‘ilishiga qo‘yilmasdan, sessiya kun tartibiga qo‘yilgan. Bu, birinchi, qonun buzilishi hisoblanadi. Ikkinchisi, esa xalq vakillarining yig‘ilishi har qanday holatda shaffof bo‘lishi kerak. Agarda qonunda berilmagan yopiq sessiya o‘tkazilmasa ommaviy axborot vositalari to‘sqinliksiz kirishi mumkin. Endi o‘z-o‘zidan savollar tug‘iladi. Deputatlar xalqni tashvishini inobatga olib ochiqlik bilan sessiya o‘tkazsa-yu xalqning o‘zi kirolmasa, deputatlarga to‘sqinlik bo‘lsa. Kuchishlatar tizimlar tomonidan deputatlar daxlsizligi buzilib, qo‘pol ravishda tintuv o‘tkazilsa, telefonlari tortib olinsa bu qanday holat?”, — deydi Jahongir Jiyanov.
Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarovning aytishicha, deputat Shuhrat Karimov o‘ziga ajratilgan to‘rt gektar yer maydoni atrofidagi qo‘shimcha olti gektarni ham noqonuniy qo‘shib olgan. Karimov o‘ziga biriktirilgan yerdan ko‘p qavatli uylar, kottejlar, maishiy xizmat binolari qurishi kerak bo‘lgan bo‘lsa-da, belgilangan ishlar amalga oshirilmagan.
“Alians Group Corparation direktori Shuhrat Karimovga 2017-yilda sobiq hokim tomonidan to‘rt gektar yer berilgan. U yerda ko‘p qavatli uylar, kottejlar, maishiy xizmat binolari qurish kerak edi. Lekin oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, bu yerda faqat bitta bino qurilishi amalga oshirilgan, xolos. Tergov jarayoniga unda deputat daxlsizligi bo‘lgani uchun chaqirilmagan. Lekin hokimiyat tomonidan guruh tuzilib, ushbu joy tegishli tartibda o‘rganilgan. O‘rganishlar davomida Shuhrat Karimov hokimiyat tomonidan berilgan to‘rt gektar yerdan tashqari yana olti gektar yerni noqonuniy tarzda qo‘shib olgan va natijada turli mojarolarning kelib chiqishiga sababchi bo‘lgan. Qayd etish lozim, u noqonuniy egallab olingan olti gektar joyni shahar hokimi bo‘lgan dastlabki kunlardanoq o‘tkazib berishimni so‘ragan.
https://youtu.be/a66Rrb_ZB7A
O‘zingiz bilasiz, Andijon hududida aholi zich joylashgan. Bitta xonadonda 4-5 ta oila yashaydi. Agar men bu joyda ko‘p qavatli uy qurib, ikki mingta oilaga bersam ular davlatdan, prezidentimizdan rozi bo‘ladi. Bundan tashqari 200 dan ortiq yoshlar tadbirkorlik qilaman, katta ishlar bajaraman deb ko‘zlari yonib turibdi. Mana shu joyni ularga beradigan bo‘lsam 2—2,5 mingta ishchi o‘rni yaratiladi. Lekin bitta shaxsni deb e’tiborsizlik qilsam, natijada ertaga bu joy sotilib ketsa, kim javob beradi? Agar balansimda turgan ushbu hududni qonuniy, foydali ishlarga yo‘naltirsam, odamlar davlatdan rozi bo‘ladi”, — deydi hokim Haydarov.
Shahar hokimi deputat tomonidan tilga olinayotgan va yaqinda qarori bekor qilingan avtoturargoh haqida ham ma’lumot bergan.
“Shuhrat Karimov ijtimoiy tarmoqlarda 19-maktab o‘rniga ko‘p qavatli uylar qurish haqida gapirmoqda. Lekin bu hech qaysi hujjatda ko‘rsatilmagan. Men uni himoya qilaman deydi. Biroq u qaysi hujjatda bor ekan. To‘g‘ri, ‘Yangi bozor’ hududida biz besh qavatli avtoturargoh qilmoqchi edik. Birinchi qavatda maishiy xizmat, ya’ni o‘sha yerdagi kosiblar uchun do‘konlar bo‘ladi. Hudud kichik bo‘lgani sababli mashina ko‘p, aholi yo‘ldan o‘tish holatlarida ko‘p avariya sodir bo‘ladi. Agar ko‘p qavatli avtoturargohlar qurmaydigan bo‘lsak, mashinalarni qo‘ygani joy topilmayapti. Ko‘rib turibsiz yo‘llarda uzundan uzun tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Odamlar yura olmaydigan darajaga kelyapti. Agar men shahar hokimi bo‘la turib, cho‘g‘ni ushlab, muammolarni hal qilmasam ertaga mashinalarni qayerga qo‘yamiz? Ertaga bu hududdagi aholi xavfsizligi qanday ta’minlanadi? Kim avariyalarni bartaraf etadi? Bilasiz, shahrimizda mashinalar gaz bilan yuradi. Mabodo ertaga portlab ketadigan bo‘lsa, kim javob beradi? Albatta, shahar hokimi. Ko‘pchilik o‘z fikrlarini bildirdi so‘ng bu qarorni bekor qildik. Deputat Karimov aytayotgan vajlar esa asossiz”, — deydi shahar hokimi.
Hokim Haydarov jurnalist va blogerlarning sessiyaga kirgizilmaganini deputatga hali ayblov qo‘yilmasdan, daxlsizligi yechilmasdan turib ommaga tarqalib ketishining oldini olish va obro‘sini saqlash maqsadida qilingani bilan izohladi.
“So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda shahar Kengashi deputati Shuhrat Karimovning daxlsizligi masalasi keng muhokama qilinmoqda. Kuni kecha o‘tkazilgan xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining 20-sessiyaga OAV vakillari va blogerlarning kirgizilmaganining asosiy sababi deputatga hali ayblov qo‘ymasdan, dahlsizligi yechilmasdan turib ommaga tarqalib ketishining oldini olish edi. Dastavval u yerda, umuman, hech qanday tintuv bo‘lmagan. Aksincha deputatlardan sessiyaga turli telefon va kameralarni olib kirmasdan tartiblarga rioya qilishlarini so‘raganman. Maqsad kimgadir qarshilik yoki to‘sqinlik qilish emas, aksincha nafaqat Shuhrat Karimov, balki boshqa deputatlarimizning ham obro‘sini saqlash bo‘lgan. O‘zingizga ma’lum sessiyada bitta deputatning daxlsizligini yechish masalasi ko‘rib chiqilishi belgilangan va unda muzokara, munozara hamda boshqa masalalar bo‘lishi aniq edi.
Sessiya avvalida prokuror o‘rinbosari shahar prokurori tomonidan imzolangan taqdimnomani o‘qidi. Shundan keyin kimda savol bor deb ishtirokchilardan so‘raganimda deputat Jahongir Jiyanov va Diyorbek Abdusamatovlar o‘z fikrlarini bildirdi. Biroq Shuhrat Karimov his-hayajonga berilib, so‘zga chiqmasdan zalni tark etdi. Bu yerda bo‘layotgan voqealarning qonuniyligini ta’minlash maqsadida 5 ta partiyaning viloyat Kengashlari raislarini ham taklif qilgandim, ular ham qatnashdi. Xolislikni ta’minlash maqsadida Andijon shahar hokimligi matbuot xizmati ushbu jarayonni to‘liq video tasvirga olgan. Kim so‘raydigan bo‘lsa, biz ko‘rsatishga tayyormiz”, — deydi Bahrom Haydarov.
Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi kotibi, deputat Rahim Ziyayevning aytishicha, tergov jarayonida Shuhrat Karimovning aybsizligi isbotlansa, deputatlik daxlsizligi qayta tiklanishi mumkin.
“Tergov jarayonlari ketayotgani sababli ushbu sessiyani o‘tkazishga majbur bo‘ldik. Bu hali oxirgi qaror emas deb bemalol aytishim mumkin. Chunki agar tergov jarayonida Shuhratbekning aybsizligi isbotlansa, yana daxlsizligi qayta tiklanishi va hammasi joy-joyiga tushishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda har bir deputat tintuv qilindi, degan har xil gaplar aytilyapti. Bu navbatdan tashqari sessiya edi — Milliy gvardiya xodimlari, qo‘riqlash xizmatchilari xavfsizlik yuzasidan ish olib borishdi. Axir hammamiz ham Vazirlar Mahkamasi yoki hokimlikka borsak telefonimizni topshirib kiramiz. Bu biz uchun oddiy holat. Voqeani chuqurlashtirish shart emas menimcha. Hammasini vaqt ko‘rsatadi”, — deydi Rahim Ziyayev.
Izoh (0)