Sho‘ng‘uvchilar orasida mashhur bo‘lgan Galapagos orollaridagi Darvin arkasi qoyatoshi qulab tushdi. Bu haqda Ekvador Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligiga tayanib, BBC xabar berdi.
Vazirlik bu hodisani eroziya (toshlar va tuproqlarning tashqi omil va suv oqimi natijasida yemirilishi) bilan izohladi.
Arka 234 ta orol va alohida qoyalardan iborat arxipelag tarkibiga kiruvchi odam yashamaydigan Kulpepper orolidan bir kilometr uzoqlikda joylashgan. Orollarning to‘rttasida 30 mingga yaqin odam yashaydi. Galapagos orollari Ekvadorga tegishli bo‘lib, u Ekvadordan 1000 kilometr masofada joylashgan.
Orollar o‘zining turli xil flora va faunasi bilan mashhur bo‘lib, uni XIX asrda taniqli ingliz olimi Charlz Darvin tadqiq qilgan. Galapagos orollari Darvinning evolyutsiya nazariyasiga turtki bergan turlarning xilma-xilligini ko‘rish uchun butun dunyodan keluvchi sayyohlar orasida mashhur hisoblanadi.
Izoh (0)