Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

2021-yilning 24-aprel, shanba kuni Toshkent shahri mezbonlik qilgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida -109 kilogramm vazn toifasidagi sportchilar o‘rtasidagi bellashuvda Rio—2016 Olimpiadasi chempioni Ruslan Nuriddinov ham ishtirok etdi. Sportchi ikki yillik taqiqdan so‘ng ilk bor mazkur katta musobaqada ko‘rinish berdi. U musobaqada 241 kilogrammni bo‘ysundirib, ham siltab ko‘tarishda, ham ikki kurash natijasiga ko‘ra Osiyo va Jahon rekordlarini yangilashga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa Nuriddinov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Taniqli og‘ir atletikachi “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov bilan suhbatda taqiq davridagi o‘y-fikrlari, fermerlik faoliyati va kelgusidagi rejalari to‘g‘risida gapirdi.

Foto: PressPhoto.Uz / Dilruh Isomiddinova

— Ikki yillik taqiqdan keyingi ilk musobaqadayoq g‘alaba qozonib, yana rekord o‘rnatgani va buni kutmagani haqida

— Ochig‘ini aytsam, “Osiyo chempionatida katta natija ko‘rsataman yoki rekord o‘rnataman”, degan o‘zimda qat’iy ishonch yo‘q edi, xayolimda ham bunday fikr bo‘lmagan. Chunki yaqinda o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Akbarjon Jo‘rayevga 12 kilogramga yutqazgandim. Osiyo chempionatida ham asosiy raqibim Akbarjon edi. Ammo Osiyo chempionatida birinchi yo‘nalishda xatoliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsam-da, ikkinchi yo‘nalishda, ya’ni siltab ko‘tarishda xato qilmaslikka intildim va shu tariqa g‘oliblikni qo‘lga kiritdim.

— Akbar Jo‘rayev bilan raqobati va u bo‘lmaganda rekord qayd eta olmasligi haqida

— Taqiqda bo‘lgan paytimda Akbarjon Jo‘rayev -109 kilogramm vazn toifasiga o‘tgan edi. Undan oldin esa -102 kilogramm vazn toifasida faoliyat olib borgan. U bilan shu yilning mart oyi boshida Chirchiq shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida birinchi marta to‘qnash keldik. Keyin Osiyo chempionatida raqobat qildik va o‘sha kuni unga “Sen bo‘lmasang, men buni uddalay olmasdim”, deb aytdim. Negaki mashg‘ulotlar paytida bir-birimizdan o‘zishga intilib, jiddiy tayyorlandik. Sog‘lom raqobat hammada sohada bo‘lishi kerak, nazarimda. Raqobatsiz o‘sish, rivojlanish bo‘lmaydi.

Akbar Jo‘rayev (chapda), Ruslan Nurudinov (o‘rtada), Yang Chje (o‘ngda)

Akbar Jo‘rayev (chapda), Ruslan Nurudinov (o‘rtada), Yang Chje (o‘ngda)
Foto: PressPhoto.Uz / Dilruh Isomiddinova

— Osiyo chempionatida rekord o‘rnatgan bo‘lsangiz-da, ammo Tokio Olimpiadasida ishtirok eta olmasligi va buning o‘ziga ta’siri haqida

— Bu avvalosi taqdir. Tokio Olimpiadasida qatnashmasligimni taqiqdaligimdayoq bilganman va bunga achinarli holat sifatida qaramayman. Bu mening xatti-harakatim, kayfiyatimga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Ushbu nufuzli musobaqada rizq-u nasibam yo‘q ekan, Allohning aytgani bo‘ladi baribir. Nasib qilsa, Parij—2024 Olimpiya o‘yinlariga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib, unda, albatta, g‘alaba qozonaman.

— Taqiq vaqtida faoliyatini yakunlamoqchi bo‘lgani haqida

— Albatta, bunday o‘y-fikr bo‘ldi. Qiyin damlarda karyeramga nuqta qo‘yish to‘g‘risida ko‘p o‘yladim.

— Qiyin damlarni boshdan kechirgani haqida

— Sportdan chetlatilgan paytimda terma jamoa bilan birga ishlash huquqim yo‘q edi. Tabiiyki, og‘ir atletika federatsiyasi ham bu huquqni menga bera olmasdi. Lekin federatsiya rahbariyati kaminaga e’tibor qaratib, imkon qadar qo‘llab-quvvatladi, alohida shug‘ullanishim uchun zal berdi. Ammo shuncha yil jamoadan ajralmagan holda mashg‘ulotlar olib borgan odamning birdaniga yolg‘iz shug‘ullanishi g‘alati bo‘larkan.

Bir yil davomida zalga faqat kunlik reja uchun bordim, oldimda aniq bir maqsadim yo‘q edi. 2019-yil ohirida ruhan charchadim, “Nima maqsadda zalga kelib, shug‘ullanyapman o‘zi?”, degan turli savollar tug‘ildi. Chunki u paytda sudning qanday yakun topishi, sportdagi keyingi taqdirim qanday bo‘lishi noma’lum edi. Shu bois bir necha oyga o‘z xohishim bilan zaldan uzoqlashdim.

Ruslan Nuriddinov Osiyo chempionatidagi g‘alabasidan so‘ng qizalog‘i bilan

Ruslan Nuriddinov Osiyo chempionatidagi g‘alabasidan so‘ng qizalog‘i bilan
Foto: Og‘ir atletika federatsiyasi

Lekin har narsada hikmat bor ekan. Taqiq paytida shaxsiy hayotimga vaqt ajratib, bo‘ydoqlar safini tark etdim, farzandli ham bo‘ldim. O‘tgan yilning may oyida sud jarayoni bilan bog‘liq xushxabarlar eshitganimdan keyin qalbimda umid, ishonch tug‘ildi. Eng asosiysi, mashg‘ulotlarni davom ettirishga istak paydo bo‘ldi. Uch-to‘rt oy mobaynida yana jamoasiz yakka shug‘ullandim. Diskvalifikatsiya muddati tugashiga yaqin vaqt qolganida terma jamoa safiga qaytdim.

Foto: Og‘ir atletika federatsiyasi

— Shaxsiy maktab va murabbiylik haqida

— Taqiqqa tushgan vaqtimda o‘zim istiqomat qiladigan hudud, ya’ni Uchtepa tumani hokimligiga ham bu borada yordam berishlarini so‘rab murojaat qilgandim. Maktab ochish bo‘yicha harakatlar boshlangan paytda yana katta sportga qaytib, u rejamni to‘xtatib qo‘yishimga to‘g‘ri keldi. Osiyo chempioantidagi natijamdan so‘ng yaqin yillar ichida murabbiylik faoliyatimni boshlamaslikka qaror qildim. Hali ko‘p yillar yurtimiz dovrug‘ini yana ham dunyoga yoyish niyatidaman.

— Fermerlik faoliyatiga yakun yasagani haqida

— Afsuski, koronavirus pandemiyasi va karantindagi bir qancha qiyinchiliklar sabab 2020-yilda bu faoliyatimni tugatdim. Shuningdek, fermerlik qilishimga vaqt masalasida ham biroz muammo bo‘ldi.

— Navbatdagi rejalari haqida

— 2021-yil oldimda turgan eng muhim musobaqa bu – Jahon chempionati. 28-apreldan 29-aprelga o‘tar kechasi terma jamoa bilan Rossiyaning Vladivostok shahriga o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlariga jo‘nab ketamiz. So‘ngra Chirchiq shahrida mashg‘ulotlarni davom ettiramiz. Sentabr oyida Islom birdamlik o‘yinlari o‘tkazilishi ham kutilmoqda. Ammo uning qachon o‘tkazilish sanasi aniq emas. Bu musobaqada qatnashish men uchun ham juda qiziq.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda Nuriddinov 2012-yilgi London Olimpiadasidagi tahlillaridan doping topilgani uchun diskvalifikatsiyaga uchragandi. 2020-yilning dekabrida diskvalifikatsiya muddati yakuniga yetgandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Oʻzbekiston energetikasi: ortayotgan talab, taqchillik va koʻrilayotgan choralar haqida
Dunyo
Qirg‘izistonda 9 kishida “Seftriakson”ga allergik reaksiya kuzatildi, bir kishi vafot etdi
Mahalliy
Besh yilda 218 mingdan koʻproq xonadon. Oʻzbekistonda uy-joy muammosi qanday hal etilmoqda?