Innovatsion rivojlanish vazirligi koronavirusga qarshi o‘zbek—xitoy vaksinasining yetishmayotgani to‘g‘risidagi mish-mishlarni rad etdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ZF-UZ-VAC2001 o‘zbek—xitoy vaksinasining ikkinchi dozasini olish uchun borgan fuqarolarga vaksina yo‘qligi aytilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Innovatsion rivojlanish vazirligining ma’lum qilishicha, vaksinaning ikkinchi dozasi 1-maydan erta olinmaydi.
“O‘zbek—xitoy ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining 1-dozasini hamyurtlarimiz 1-apreldan boshlab oldi. Demak, ikkinchi doza 1-maydan erta olinmaydi. Va uchinchisini 1-iyundan boshlab oladi. 2021-yilning aprel oyi oxirigacha o‘zbek—xitoy ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 1 million dozasi O‘zbekistonga olib kelinadi”, — deyiladi xabarda.
ZF-UZ-VAC2001 — uch komponentli vaksina bo‘lib, har bir dozani qilish orasidagi muddat 28—30 kunni tashkil etadi. Emlanayotgan inson vaksinatsiya jarayonini birinchi qabul qilgan vaksinada davom ettirishi kerak.
Mavzuga doir: O‘zbek—xitoy vaksinasi COVID-19 ning qaysi shtammlariga qarshi samarali ekani ma’lum qilindi
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiya markazining laboratoriya mudiri Dilbar Dolimovaning so‘zlariga ko‘ra, ma’lum muddat vaksinalar Xitoydan keltirilishi rejalashtirilgan. Lekin keyinchalik mazkur vaksinani O‘zbekistonda mahalliylashtirish maqsadida laboratoriya hamda texnik va ishlab chiqarish quvvatlarini inobatga olib, Jurabek Laboratories MChJ qo‘shma korxonasi tomonidan taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)