Tayvanda kuchli qurg‘oqchilik sabab erkak bir yil oldin ko‘lga tushirib yuborgan telefonini topishga muvaffaq bo‘ldi, deb yozadi Esquire.
Bir yil oldin Chen ismli erkak San Mun ko‘lida paddlbording (doskada eshkak eshish — tahr.) bilan shug‘ullanayotib, telefonini yo‘qotib qo‘ygan. Ushbu ko‘l 2021-yilda qurib qolgan va erkak smartfoni uchun qaytib kelib, uni suv o‘tkazmaydigan g‘ilofi ichidan bus-butun holda topgan.
Chenning telefonini qaytarib bergan ishchining so‘zlariga ko‘ra, San Mun ko‘lidagi suv sathi so‘nggi 50-60 yil ichida birinchi bor bu qadar kamayib ketgan.
Ekspertlarning ma’lum qilishicha, bu so‘nggi 67 yil ichidagi eng kuchli qurg‘oqchilik hisoblanadi. Butun boshli daryo o‘zani va ko‘l qurib ketgan, hukumat suv resurslarini tejash maqsadida suv ta’minotlarini cheklamoqda, “avtomoyka”lar ishlamayapti.
Avvalroq yarim yil ko‘l ostida yotgan iPhone 11 baribir ishlashni davom etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)