Olis va chekka hududlarda joylashgan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxini 50 foizgacha chegirma bilan sotuvga qo‘yish vakolatini mahalliy kengashlarga berish tartibi ishlab chiqiladi. Bu haqda 8-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Prezident bir oy muddatda olis va chekka hududlarda joylashgan yer uchastkalarining boshlang‘ich narxini 50 foizgacha chegirma bilan sotuvga qo‘yish vakolatini mahalliy kengashlarga berish tartibini hukumatga kiritish haqida vazifa berdi.
Shuningdek, davlat rahbari viloyat, tuman, shahar hokimlari bir oy muddatda ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasini xatlovdan o‘tkazib, tikuvchilik, maishiy texnika, poyabzal ta’mirlash va kompyuter xizmatlari kabi faoliyat turlari uchun ajratib berishni boshlash haqida ko‘rsatma berdi.
“Bunda hukumat tomonidan bir oy muddatda bu yerto‘lalardan foydalanishdagi cheklovlarni qisqartirish bo‘yicha qaror qabul qilinsin”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bundan avval Shavkat Mirziyoyev uch oy ichida sektor rahbarlari tadbirkorlar bilan ishlashda natija qilmasa, ishdan olinishi haqida ogohlantirgani, Qashqadaryo va Navoiy hokimlariga ogohlantirish bergani hamda tuman va shahar sektor rahbarlari kichik tadbirkorlar bilan kuniga 3 marta, kerak bo‘lsa, kechasi ham uchrashishi bo‘yicha ko‘rsatma bergani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)