Chexiya bosh vaziri Andrey Babish mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Yan Blatnini ishdan bo‘shatishga qaror qilgani haqida xabar berdi, deb yozmoqda “Izvestiya”.
“Chexiya sog‘liqni saqlash vaziri lavozimini Pragadagi Bulovtsa fakultet shifoxonasi direktori Petr Arenberger egallaydi”, — dedi bosh vazir.
Shu o‘rinda Blatnining aytishicha, Babishning ushbu qarori siyosiy asosga ega hisoblanadi. Sobiq vazirning so‘zlariga ko‘ra, u olingan ma’lumotlarni chuqur tahlil qilish asosida ish olib borib, o‘z lavozimiga mas’uliyat bilan qaragan.
Arenberger koronavirus pandemiyasi davrida Sog‘liqni saqlash vazirligini boshqargan to‘rtinchi rahbar bo‘ladi.
29-mart kuni mamlakatda koronavirusning yangi mutatsiyasi aniqlandi. Olimlarning ta’kidlashicha, yangi mutatsiya virusning “britancha” va “janubiy afrikacha” shtammlaridan ancha xavfli. Mutaxassislar yangi shtammni o‘rganishni davom ettirmoqda.
Worldometer’ning ma’lumot berishicha, 7-aprel holatiga ko‘ra, Chexiyada 1 560 777 kishi koronavirus bilan kasallandi, ularning 27 329 nafari virus qurboniga aylandi. Pandemiya boshidan buyon 1 430 816 kishi koronavirusdan sog‘aydi.
Avvalroq Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru ham Braziliya kardiologlar jamiyati rahbari, doktor Marselu Keyroga general Eduardo Pazuellaning o‘rniga sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlanganini e’lon qildi va shu bilan Keyroga mamlakatda koronavirus pandemiyasi davrida sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlangan to‘rtinchi odam bo‘ldi.
Slovakiya prezidenti Zuzana Chaputova esa “Sputnik V” vaksinasiga oid mojaro tufayli sobiq moliya vaziri Eduard Xegerga yangi hukumat tuzishni buyurdi.
Izoh (0)