1985-yilning 10-martida KPSS MK bosh sekretari Konstantin Chernenko dunyodan o‘tdi. Shundan keyin Mixail Gorbachyov uning o‘rnini egalladi. Gorbachyov davrini qayta qurish, sovuq urush tugashi, Afg‘onistondan sovet qo‘shinlari olib chiqarilishi, so‘z erkinligi, ichkilikbozlikka qarshi kurash, iqtisodiy qiyinchiliklar, davlat kuchsizlanishi va makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarining keskin pasayishi bilan xotirlashadi. “Daryo” kolumnisti Shukurjon Islomov bu siyosiy arbob haqida fikr yuritadi. 

Mixail 1931-yilda Stavropol o‘lkasida dehqon oilasida tug‘ilgan. Otasi rus, onasi ukrain bo‘lib, ikkala tarafdan bobosi ham qatag‘on qilingan, qiynoq va tahqirlarga uchragan edi. Mixail 10 yoshlarida ularning qishlog‘iga nemislar bostirib kirgan, uning oilasi yarim yilni okkupatsiyada o‘tkazgan. Mixail maktabda yaxshi o‘qib, kumush medal bilan bitirgan va Moskva davlat universitetiga imtihonsiz qabul qilingan. 19 yoshida Kommunistik partiya safiga qabul qilingan.

Foto: Google Photos

Shundan keyin Gorbachyov kompartiya pillapoyalari bo‘ylab ko‘tarila boshlagan. 1969-yilda uni Yuriy Andropov SSSR Davlat xavfsizligi qo‘mitasi o‘rinbosari lavozimiga mo‘ljallab ham qo‘ygandi. Gorbachyovning xotirlashicha, unda ilm-fan bilan shug‘ullanish istagi ham bo‘lgan, dissertatsiya yozgan. Safdoshlarining aytishicha, Gorbachyovda xarizma bo‘lsa-da, kuchli liderlik xususiyati yetishmasdi. Shunga qaramay yosh partfunksionerni Yuriy Andropov qo‘llab turgan, qolaversa, u o‘sha davrning “og‘ir vaznli” arboblari Mixail Suslov va Andrey Gromikolarning ishonchini qozongan edi.

Ulkan mamlakatni 18 yil boshqargan Leonid Ilich Brejnev 1982-yilda qazo qilgach, boshqaruv dastavval Andropov, keyin Chernenkoga o‘tdi. Aslida Sovet ittifoqi qoraqosh dohiy davridayoq g‘arbdan ortda qola boshlagan, buni oliy rahbariyat ham anglab chora ko‘rishga urinardi. Yangicha tartibga o‘tishni zamonning o‘zi taqozo etardi. Sobiq “kgbshnik” Yuriy Andropov Bosh sekretar bo‘lgach, tartib-intizomni mustahkamlash yo‘li bilan mamlakatni yo‘lga solmoqchi bo‘ldi, biroq “gaykalarni qotirish” katta natija bermadi. Chernenko ham mavjud siyosiy tuzilmaning ashaddiy tarafdori edi. Bu ikki yetakchining uch yillik davri uncha o‘zgarishlarga boy bo‘lmadi, shu bois bo‘lsa kerak sobiq Ittifoq fuqarolari ularning ismini ham deyarli eslab qolmagan. Ammo Ittifoqni kosmetik ta’mirlash yo‘li bilan kommunizmga yetaklashning imkonsizligi tobora oydinlashayotgan edi. Ana shunday davrda Mixail Sergeyevich Gorbachyov KPSS MK Bosh sekretari etib saylandi.

Mixail Sergeyevichning dunyoqarashiga G‘arb yaxshigina ta’sir ko‘rsatgan edi. U 70-yillardan boshlab g‘arb davlatlariga ko‘p marta safar qilgan. 1971-yilda Italiyada ancha kun safarda bo‘ldi, bu uning kapitalistik mamlakatga birinchi safari edi. Sitsiliyada dam oldi, Palermoda bo‘ldi. 1972-yilda Belgiyada, 1975-yilda g‘arbiy Germaniyada, 1976-yilda Fransiyada bo‘ldi. 1977-yilda fransuz kompartiyasining taklifi bilan yana Fransiyaga borib, tarjimon hamrohligida uch hafta yengil mashinada Fransiyaning o‘nlab shaharlarini aylandi. Gorbachyovning bu safarlarining hech birida uni davlat rahbari kutib olmadi, ammo u siyosatdonlar va fuqarolik jamiyati faollari bilan ko‘p uchrashdi. Hamma safarlariga rafiqasi Raisa Gorbachyova hamrohlik qilardi.

1983-yilda Gorbachyov Andropovning ruxsati bilan bir haftaga Kanadaga bordi. Kanadaga safar Gorbachyovning g‘arb siyosiy doiralarida tanilishiga sabab bo‘ldi. Kanada bosh vaziri Pyer Tryudo (Kanadaning hozirgi bosh vaziri Jastin Tryudoning otasi) Gorbachyovni shaxsan qabul qildi. Nisbatan yosh va g‘ayratli Gorbachyov politbyuroning qari-qartanglari orasida yaqqol ajralib turishi va iqtisodni g‘arbcha boshqaruv usullariga, demokratiyaga qiziqishi bilan Kanada siyosatdonlari orasida obro‘ qozondi. Keyingi yili Buyuk Britaniyada Margaret Tetcher bilan uchrashdi va ikki davlat o‘rtasidagi sovuq munosabatlarni ilitishga urindi. “Temir xonim” bilan ehtimoliy urush va raketa zarbalarini muhokama qilish asnosida ikki taraflama muloqotni davom ettirishga kelishishdi. Ushbu muzokaralar memorandumi 2016-yilda nashr qilinganini eslatamiz. Aytish lozimki, bularning barchasi “mister Gorbi” Sovet ittifoqi rahbarligini egallashidan oldin amalga oshirilgan.

Shunday qilib 1985-yilning 11-martida Mixail Sergeyevich Gorbachyov KPSS MK bosh sekretari etib saylandi. Mamlakatda “qayta qurish” deb atalgan keng ko‘lamli islohotlar boshlandi. G‘arb olimlarining fikricha qayta qurish bir-biriga bog‘liq to‘rt yo‘nalishni o‘z ichiga olgan.

  1. Qurolsizlanish, Sharqiy Yevropa sovet bloki mamlakatlariga mustaqillik berish;
  2. Iqtisodiy islohotlar;
  3. OAV va jamoatchilik fikrini bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
  4. Kommunistik tizim jilovini bo‘shatish (detsentralizatsiya) va demokratiyalashtirish;

Tor ma’noda qayta qurish sovet davlatini isloh etishning bir qator siyosiy choralarini o‘z ichiga olgan edi. Ammo hokimiyat bilan jamiyat o‘rtasida o‘rnatilishi kerak bo‘lgan ko‘prik bora-bora inqirozga yetakladi.

Foto: Google Photos

Gorbachyov hokimiyatga kelgan zahoti AQSh va G‘arbiy Yevropa bilan munosabatni yaxshilashga urindi. Buning sabablaridan biri harbiy xarajatlarni qisqartirish edi. Bu paytda SSSR harbiy poygada AQSh va NATO bilan bellasha olmasligi tayin edi. Boshqaruv yillari mobaynida Gorbachyov bir qator tinchlik bitimlarini olgari surdi. Sovet hukumati yadro quroli sinoviga bir tomonlama moratoriy e’lon qildi. Ammo bu tashabbusni hamma har xil qabul qildi, jumladan ojizlikka yo‘yganlar bor. 1991-yilda NATOga qarshi bo‘lgan Varshava shartnomasi tashkilotining bitirilishi oqibatida shimoliy Atlantika alyansi sharqqa qarab surildi.

1985-yildan 1988-yilgacha Gorbachyov AQSh prezidenti Ronald Reygan bilan to‘rtta uchrashuv o‘tkazib ikki buyuk davlat munosabatlarini sezilarli ilitishga muvaffaq bo‘ldi. Ular raketadan mudofaa tizimlarini qisqartirishga kelishdi. 1987-yilda Gorbachyov va Reygan o‘rta va qisqa masofaga uchuvchi raketalarni tugatish bo‘yicha shartnomani imzoladi va bu 1988-yildan kuchga kirdi. Shuningdek, o‘rta (1000dan 5500 kmgacha) va qisqa (500dan 1000 kmgacha) uzoqlikdagi ballistik va qanotli raketalarni ishlab chiqarmaslik, sinamaslik va tarqatmaslikka kelishib olindi. 1988-yilda esa Reygan rasmiy safar qilib Moskvada Gorbachyovning mehmoni bo‘ldi va Sovet Ittifoqini boshqa Yovuzlik imperiyasi deb hisoblamasligini e’lon qildi. Ushbu kelishuvlar qariyb 45 yillik Sovuq Urush davridan yig‘ilib qolgan yadroviy qurollar xavfidan dunyoni xalos qilgan.

Gorbachyov Vatikanga rasman safar uyushtirgan SSSRning birinchi yetakchisi bo‘ldi. Garchi Gorbachyov o‘zini dahriy hisoblasa-da Rim Papasi bilan uchrashuv uning nasroniy qadriyatlariga munosabatiga ta’sir o‘tkazmay qolmadi. 1991-yil yanvarida Rojdestvo SSSRda davlat bayrami deb e’lon qilindi va dam olish kuni etib belgilandi. Sovet Ittifoqi va Vatikan o‘rtasida diplomatik aloqalar paydo bo‘ldi. 1989-90-yillarda Gorbachyov GDR va GFRning birlashishida asosiy rolni o‘ynadi. Gorbachyov g‘arb yetakchilari bilan uchrashuvda inglizcha so‘zlay olmas, ammo ayoli Raisa Maksimov Margaret Tetcher bilan inglizcha gaplashardi. Umuman olganda Gorbachyov paytidagi partiya funksionerlari orasida Gromikodan boshqasi inglizchani deyarli bilmasdi.

Afg‘onistondan Sovet qo‘shinlari olib chiqilishi, Berlin devori qulatilishi, Sharqiy Yevropadagi va Mo‘g‘ulistondagi yirik tarkibdagi sovet qo‘shinlari tugatilishi, Varshava shartnomasi bitirilishi, sharqiy Yevropada demokratik kuchlarning g‘alabasi, ko‘plab tahlilchilarning fikricha, Sovet Ittifoqining Sovuq Urushdagi mag‘lubiyati belgisidir.

Gorbachyov tashqi siyosatining natijasida davlatlararo adovatlar yumshadi, muayyan toifa yadro qurollari tugatildi, qurollanish poygasi (vaqtincha) to‘xtadi, dunyodagi ikki qutbli tartibga putur yetdi, SSSRning mudofaa qobiliyati pasayib, Sharqiy Yevropadagi va “uchinchi dunyo”dagi hamkorlaridan ajraldi, SSSR tarqalganidan keyin AQSh dunyodagi yagona ustunkuchga aylandi. Dunyoda tinchlik o‘rnatilishiga qo‘shgan hissasi uchun Gorbachyovga 1990-yilda Nobel tinchlik mukofoti berildi.

Gorbachyovning iqtisodiy siyosatini muvaffaqiyatli deb atash qiyin. Bu davrda yashaganlar magazinlardan mahsulotlar tanqisligi, uzun navbatlar, oziq-ovqat mahsulotlari kartochka tizimi, yashirin inflyatsiyani yaxshi eslashadi. Bundan tashqari, tahlilchilar davlat oltin zaxirasi kamaygani, tashqi qarz oshgani va iqtisodiy o‘sish pasayganini qayd etadi. Rublning dollarga nisbatan rasmiy kursi o‘nlab barobarga pasayib ketgan. Biroq aynan xususiy tadbirkorlikka ruxsat bergan Gorbachyov bo‘ladi. Kooperativlar qayta qurish yillarida rivoj topdi.

Gorbachyov davrining eng katta yutuqlaridan biri so‘z erkinligi xalqqa qaytarilishi, dissidentlarni ta’qib etish to‘xtatilishi, qatag‘on qurbonlari reabilitatsiya etilishidir. KPSSga qarshi mitinglar odatiy holga aylandi. Gorbachyovning o‘zi ham sovet matbuotida qattiq tanqidlarga tutila boshlandi. Mashhur sovet dissidenti, fizik olim Andrey Saxarov surgundan qaytarildi. Avval saylovlarda bir nomzod qatnashardi, Gorbachyovga kelib deputatlar haqiqiy raqobatda tanlanadigan bo‘ldi. Bu xalq deputatlari orasida partxizmatchilar kamayishiga olib keldi, ularning orasiga diniy xodimlar ham kirib keldi.

Sovet matbuoti qatorida O‘zbekiston matbuoti ham Gorbachyov davrida shiddat bilan rivojlandi, mamlakatdagi dolzarb muammolarni tanqid va tahlil etish imkoni tug‘ildi. O‘nlab jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar ijodida faol fuqarolik pozitsiyasi kuzatildi, jurnalistika dadillashdi, bu esa fuqarolik jamiyati shakllanishini tezlashtirdi. Mamlakat ziyolilari tarixiy ildizlardan oziqlanish zaruratini tushuna bordi, Islom diniga qiziqish ortdi. O‘zbekiston mustaqilligini kun tartibiga qo‘yganlar Gorbachyov erkinlik davrida yetishib chiqqan o‘zbek ziyolilari ekanligini ta’kidlash joiz.

Gorbachyov 1991-yilning oxirigacha mamlakat rahbarligida qoldi. Bu vaqtda Sovet ittifoqi tarqalib ketgan edi. U televideniye orqali xalqqa murojaat qilib strategik yadro quroli boshqaruvini Yelsinga berayotganini bildirdi. Iste’foga chiqqach, Gorbachyov-Fond tadqiqotlar jamg‘armasi va Xalqaro yashil xoch ekologik tashkilotini tuzib ularga prezidentlik qildi. Pensiyada unga to‘sqinlik qilishayotgani, oilasini maxsus xizmatlar nazoratda tutishi va telefonini eshitishlaridan shikoyat qildi. 2008-yilda Poznerga bergan intervyusida Sovet Ittifoqini saqlab qolish mumkin bo‘lganligini aytib afsuslandi.

Gorbachyovning Putinga munosabati o‘zgarib turgan. Dastavval uni qo‘llagan, ammo keyinchalik avtoritar uslubi va korrupsiya ortganini tanqid qilgan. Qrim masalasida esa Rossiya pozitsiyasida turdi va Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishini qutladi.

Gorbachyovga zamondoshlarining munosabati turlicha qutbdadir. Uni yoqtiradiganlar G‘arbda ko‘proq, hozirgi Rossiyada ko‘pchilik uni xushlamaydi. Sobiq SSSR tarafdorlari esa uni buyuk imperiyani tarqatib yuborgan bosh aybdor deb hisoblaydi. Bunga xitoylik tadqiqotchilar ham qo‘shiladi. Ammo 90-yillarning o‘rtalarida tahlilchilar SSSR tarqalib ketishiga Brejnevning islohotsiz turg‘unlik davri ham sabab ekanligini aniqlagan.

O‘zbekistonliklarning ham Mixail Sergeyevich Gorbachyovga munosabati turli xildadir. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, qayta qurish davrini iqtisodiy qiyinchiliklar bilan xotirlaydiganlar oz emas. Sobiq ittifoqqa simpatiyasi borlar esa uni qariyb “chet el agenti”dek ko‘radi. Ammo Gorbachyovdan boshqasi bo‘lganida O‘zbekiston mustaqilligi amalga oshishini tasavvur etish qiyin.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.