“Daryo” yosh iqtisodchilardan biri Behzod Hoshimov bilan bo‘lgan O‘zbekiston iqtisodiyoti erkinligi, iqtisodiy savodxonlik va iqtisodchilar haqidagi intervyuni taqdim etadi.
— Bugun O‘zbekiston iqtisodiyotining qanchalik erkinligi, iqtisodiy savodxonlik va iqtisodchilar haqida xalq tilida suhbat qilamiz. Ruxsatingiz bilan savollarga o‘tsam. Davlatning iqtisodiy erkinligi nima va u qanday o‘lchanadi?
— Siz davlat degan so‘zni ishlatdingiz, menimcha, mamlakat so‘zi to‘g‘riroq bo‘ladi. Men o‘ylaymanki, davlat deganda, davlat institutlari tushuniladi, mamlakat deganda esa ma’lum bir hudud va undagi aholini tushunish mumkin. Iqtisodiy erkinlik nisbatan yangi mavzu deyolmaymiz, chunki iqtisodiy erkinlik haqida debatlar 200 yillardan beri davom etib kelyapti.
Yaxshi yangilik shundaki, dunyoning aksar mamlakatlari oxirgi 250 yillarda iqtisodiy va boshqa jabhalarda ancha erkinlashdi. Lekin, albatta, qaysidir mamlakatlar ko‘proq erkinroq, qaysidirlari esa kamroq erkinroq. Bugungi kunda, oxirgi 10—15 yildan ortiqroq paytda bir necha institutlar, tadqiqot markazlari va ilmiy markazlar mamlakatlarning nisbiy erkinlik darajasini o‘lchashni boshlashdi. Masalan, Heritage Foundation va boshqalar Economic Freedom Index ko‘rsatkichlarini e’lon qilib kelishadi. Ulardagi reytinglarni hisoblash mantig‘i to‘g‘ri va albatta, foydali, lekin mutlaq haqiqat deyishimiz qiyin. Chunki ularda o‘lchovga qarab nisbiy natija chiqadi.
Misol uchun, reytingda 113 va 114-o‘rinlarda joylashgan mamlakatlarning raqamlardagi farqi unchalik to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin, lekin 24 va 114-o‘rindagi mamlakatlarni taqqoslashda bizga yaxshiroq mulohaza qilishimizda yordam beradi.
Reytinglarda mulk huquqi daxlsizligi, insonlar, korxonalar va davlat o‘rtasida o‘zaro shartnomalarning qanchalik amal qilinishi, mamlakatda aloqalar qanchalik qonuniy amal qilinishi, savdoga bo‘lgan erkinlik, pullarni olib kirish va olib ketish erkinligi, kapital nazorati, mehnat kuchi erkinligi, ya’ni korxonalar qanchalik odamni ishga ola olishi yo ishdan bo‘shata olishi yoki odamlar xohlagan ishga kira olishi yoki ishni tark eta olishi, shu kabi ko‘rsatkichlar e’tiborga olinadi.
Bundan tashqari, ichki migratsiya masalasi, masalan, O‘zbekistonda katta muammo propiska masalasi edi, bu mamlakatimizning iqtisodiy erkinligining chegaralanishi edi.
Iqtisodiy va siyosiy erkinlik bir-biriga bog‘liq bo‘lishi mumkin, lekin ular har xil narsalar. Bir xil iqtisodchilar aytadiki, iqtisodiy erkinlik siyosiy erkinlik uchun shart bo‘lgan omil, boshqa iqtisodchilarga ko‘ra esa bu yetarli omildir. Iqtisodiy erkinlik darajasi bu insonlar o‘ylab topgan tabiiy bir narsa emas, kilogrammga o‘xshagan o‘lchov emas va hisoblash indikatorlari ham subyektiv. Lekin bunday reytinglarning mantig‘i shundaki, reytinglar insonlar o‘z iqtisodiy hayotlarini qurishi uchun to‘siq va chegaralarning qanchalik darajadaligidan kelib chiqqan.
— Siz hozir iqtisodiy erkinlik ko‘rsatkichi indikatorlari haqida aytib o‘tdingiz, Heritage doimiy e’lon qilib boradigan iqtisodiy erkinlik indeksining bir indikatori — bu davlat yaxlitligi — government integrity hisoblanadi. Shu haqda aytib o‘tsangiz.
— A person of integrity deganda omonatni ishonsa bo‘ladigan, ishonchli odam deb tushunsa bo‘ladi. Demak, government integrity bu davlat o‘z bo‘yniga qo‘yilgan mas’uliyatlarni bajarishi, degani.
— Davlat yaxlitligi deganda davlat organlari faoliyatining korrupsion holatlardan xolilik darajasi degan tushunchadan kelib chiqsak, korrupsiyaning ta’siri O‘zbekistonda qanday?
— O‘zbekiston — korrupsiyani nisbiy qabul qilish indeksida dunyoda eng korrupsiyalashgan mamlakatlardan biri. Bu subyektiv fikr bo‘lgani bilan, bunda haqiqat ham bor. Ya’ni, biz bu mamlakatda yashaymiz va bilamiz, bu mamlakatda ko‘p narsa korrupsiya bilan bog‘liq. Men o‘ylaymanki, O‘zbekistonda korrupsiyaning “unikal” muammosi uning tabiat qonuni emas, o‘yin qoidalari shunday shakllanganidir.
Masalan, yaqin tariximizda ham, 2017-yilgacha ham juda ko‘p korrupsiya aralashgan sohalar bor edi. Masalan, chet el valyutalarini ayirboshlashni bozorda amalga oshirsangiz, bu jinoyat edi va bir xil odamlar korrupsiya yo‘li bilan davlatdan 4000 so‘mga dollar sotib olib, ko‘chaga chiqib 8 ming so‘mdan sotardi va bu juda katta korrupsiya mexanizmini keltirib chiqargan, shuning natijasida hayotning ko‘p jabhalarida xunuk ishlar bo‘lgan.
Oxirgi 4 yilda buni davlat bozorga chiqarib yubordi va o‘sha sohadagi korrupsiya tag-tugi bilan o‘zgarib ketdi. Bu bilan xalqning mentaliteti, insonlarning o‘zi, ta’limi o‘zgargani yo‘q. Men ko‘p o‘qiyman, korrupsiyani yo‘qotish uchun xalqning mentalitetini o‘zgartirish kerak, bolalarga maktabdan, bog‘chadan korrupsiyaga qarshi kurashishni o‘rgatish kerak, deyishadi. Bu, albatta, xato fikr, chunki korrupsiyaning jamiyatga taalluqli qismi bordir, lekin korrupsiya — bu o‘yin qoidalariga bo‘lgan javob. Korrupsiya ko‘p muammolarga sabab deyolmayman, lekin korrupsiya noto‘g‘ri tizimning bir reaksiyasi. Korrupsiya ba’zida bir xil narsalarning sababi, aksariyat hollarda esa noto‘g‘ri va qing‘ir g‘oyaning oqibatidir. Xulosa o‘rnida korrupsiyaning davlatga ta’siri jihatidan qaraydigan bo‘lsak, bu yerda yechim nisbatan oson.
— Xalqimiz iqtisodiy erkinlik haqida, iqtisodiyot haqida bilishi, umuman, iqtisodiy savodxonligi oshishi qanchalik muhim? Bu iqtisodiy erkinlik darajasiga qanday ta’sir qiladi?
— 1988-yilda bir guruh amerikalik iqtisodiyotchilar — Lourens Sammers, Robert Shiller, Lourens Kats kabi kuchli iqtisodchilar Sobiq Ittifoqqa kelishdi va iqtisodiy islohotlar qilish haqida hukumat bilan gaplashishdi. Shunda hukumat rahbari bizdagi insonlar bozor iqtisodiyotiga tayyor emas, ya’ni ularning iqtisodiy savodxonligi juda past, degan fikrni aytdi. Keyin Robert Shiller rossiyalik iqtisodchi Maksim Boyko bilan qiziq tadqiqot qildi. Ular Moskva va Nyu-York shahridagi insonlarga iqtisodiy savodxonlikka oid savollarni berishdi va judayam qiziq natija topishdi. Ya’ni insonlarning bozor iqtisodiyotiga bo‘lgan munosabatlari Moskva va Nyu-Yorkda katta farq qilmaydi. Amerikaliklarning iqtisodiy bilimlarni yaxshiroq bilishini mif desak ham bo‘ladi.
To‘g‘ri, AQShdagi qaysidir elita qatlamda iqtisodiy bilimlar Rossiyadagi va O‘zbekistondagi insonlardan balandroq, lekin umumiy jamiyatda o‘qimishlilar foizi katta bo‘lmagani uchun iqtisodiy bilimlarga hamma teng qaraydi. Ikkinchi tomondan, bilish va munosabatda bo‘lish ikki xil narsa.
Misol uchun, AQShda ham juda mashhur odamlar Yerni dumaloq emas, tekis deb bilishadi va kerak bo‘lsa, juda ko‘p muhokamalar qilishadi. Shuning uchun, agar O‘zbekistonda insonlarning iqtisodiy bilim darajalari AQSh yoki G‘arbiy Yevropadagiga tenglashgan taqdirda ham biror narsa o‘zgaradimi, yo‘qmi aytolmayman.
Lekin yana shuni aytish ham kerakki, iqtisodiy savodxonlikka antonim bu iqtisodiyot haqida bilmaslik emas, balki iqtisodiyot haqida noto‘g‘ri tushunchaga ega bo‘lish. Ya’ni O‘zbekistondagi hech qachon iqtisodiyotni o‘rganmagan odamga iqtisodiyotni o‘rgatish iqtisodiyot haqida noto‘g‘ri tushunchaga ega odamga o‘rgatishdan ancha osonroq. Bizda iqtisodiyot deganda fan emas, qandaydir nuqtayi nazar, falsafa deb tushunishadi va uni judayam siyosiylashtirib yuborishadi. Buning sabablari ko‘p, misol uchun, rus iqtisodchisi Konstantin Sonin va ko‘p iqtisodchilarning fikricha, Sobiq Ittifoqda ijtimoiy fanlar, ayniqsa, iqtisodiyot deyarli o‘rganilmagan va AQShda chop etilgan kitoblar esa ommaga o‘qish mumkin emas edi va fan jihatdan iqtisodiyot ancha past edi. Vaholanki, XX asr boshlarida Slutskiy, Kantarovich va Markov degan odamlar Nobel mukofotini olishi kerak bo‘lgan muhim iqtisodchilar bo‘lishgan, ya’ni o‘sha paytdagi rus iqtisodchilari AQSh iqtisodchilari bilan solishtirsa bo‘ladigan darajada edi.
Keyin iqtisodiyotni o‘rganish man etilgan va siyosiy iqtisodiyot kabi darslar olib kirilgan. Oxirgi 90 yillarda iqtisodiyot fan sifatida deyarli o‘rganilmagani uchun fan sifatida tasavvurlar ham kam. Sonin fikricha, 93-yildan keyin Rossiyada iqtisodiy maktablar ochila boshlagan va Rossiya jamiyatida iqtisodiyot fan sifatida o‘rganila boshlangan. Xulosa qiladigan bo‘lsak, umumiy savodxonlik oshishi ta’sirini bilmayman, lekin qarorlarni qabul qiluvchi qatlamlar ichida iqtisodiyotga fan nuqtayi nazaridan qarash va iqtisodiy johiliyatdan ketish yaxshiroq bo‘lardi.
— Iqtisodiy savodxonlikni oshirish va iqtisodiyotni fan sifatida insonlarga yetkazish uchun iqtisodchi talabalarga qanday tavsiyalar berasiz?
— Shaxsan o‘ylaymanki, men iqtisodiyotni fan sifatida ommalashtirish uchun hissa qo‘shishga harakat qilaman. Masalan, Telegram kanalim bor, YouTube’da videolar olaman va “Gazeta.uz”da maqolalar yozaman va mening asosiy maqsadim — ilm-fan odamlarini eshitish va fanni zerikarli narsa emas, hammaga qiziq qilib tanishtirish. Iqtisodiyot bu faqat ko‘zoynak taqqan, g‘alati gapiradigan o‘rta yoshli erkaklar gapiradigan narsa emas, bu hamma uchun muhim va qiziq fan ekanligini tushuntirmoqchiman. Agar siz yaxshi yoza olsangiz va bunga qiziqish bo‘lsa, bu, albatta, maqsadga muvofiqdir. Sizning iqtisodiyot fanini ommalashtirayotganingiz foydasini butun jamiyat ko‘rishi mumkin, lekin xarajatni faqat siz qilasiz. Shuning uchun, buni yaxshilab o‘ylab, hisoblab ko‘rish kerak.
— Iqtisodiyotni bilish hayotni yaxshilaydimi?
— Iqtisodiyot insonlarning hayotlarini yaxshilaydi, bunga shubham yo‘q. Lekin iqtisodiyotni bilish va u bilan shug‘ullanish uni bilgan odamning hayotini yaxshilaydimi, yo‘qmi bilmayman. Har qanday fanni bilish uni bilgan insonga baxt yoki baxtsizliklar olib kelishi mumkin, lekin fanning o‘zi, albatta, insonlarni baxtli qilishga xizmat qiladi. Iqtisodchilarning yomon tomoni bu har doim oqilona harakatni qidirishni boshlashadi. Siz iqtisodchi bo‘lsangiz odamlarni nooqilona harakatda ayblayolmaysiz, masalan, to‘ylarga ko‘p pul sarflashni tentaklik deyishadi, siz bilasiz bu tentaklik emas, bu o‘sha inson uchun oqilona qaror. Inson iqtisodiyotni bilishining yaxshi tomoni bu insonlarning xatti-harakatlarini baholay oladi. Iqtisodiyotni bilgan inson baxtliroqmi, yo‘qmi buni bilmayman, to‘g‘risi.
— Matematikaning iqtisodiyotni bilishdagi o‘rni haqida aytsangiz.
— Ilm-fanni o‘rganuvchi insonga bugungi kunda ingliz tili suv va havodek zarur bo‘lganidek, matematika iqtisodiyotning tili hisoblanadi. Matematikani bilmasdan iqtisodiyotni bilish mumkinligini tasavvur qilolmayman. Bu xuddi tarjima qilingan kitobni o‘qishday gap. Chunki iqtisodchilar matematik modellar orqali gaplashishadi. Matematikani bilish iqtisodiyotni tushunish uchun shart bo‘lgan omil, lekin yetarli bo‘lgan omil emas. Ya’ni metematikani bilish iqtisodiyotni bilishga yordam beradi, lekin matematikani bildi, degani iqtisodiyotni tushundi degani emas. Matematikani ham, iqtisodiyotni ham bilish insonga tushunish baxtini beradi. Men uchun ham qandaydir jarayonlarni, xatti-harakatlarni tushunish bu oliy maqsad va zavqdir. Da Vinchining gapi bor-ku: “The noblest pleasure is the joy of understanding”.
— Behzod aka, bergan barcha javoblaringiz uchun rahmat, ketkazgan vaqtingiz va ilmingizga rozi bo‘ling.
— Sizga ham katta rahmat.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi E’zoza Xolmurodova suhbatlashdi.
Izoh (0)