Sayyoraning 20 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan deyarli 7 foiz aholisi aziyat chekadigan qandli diabet kasalligi bevaqt o‘limga sabab bo‘lishi bilan yurak-qon tomir va onkologik kasalliklardan keyin uchinchi o‘rinda turadi.

Foto: Freepik

Qanday rivojlanadi?

Organizmda moddalar almashinuvi buzilishi sabab kelib chiqadigan mazkur kasallikning turlari qondagi glyukoza miqdorining oshishi bilan tavsiflanadi. Bu oshqozon osti bezining shakarni parchalash uchun javob beradigan insulin ishlab chiqarilishining qisman yoki butkul ishdan chiqishi yoki organizmdagi to‘qimalarning insulinga bo‘lgan sezuvchanligining susaygani bilan bog‘liq bo‘ladi.

Qandli diabetning kelib chiqishi turli sabablar bilan bog‘liq bo‘ladi:

Birinchi turdagi qandli diabet

Insulinga qaramlik deb ataladigan ushbu kasallik turi oshqozon osti bezining insulin ajratishga javob beradigan hujayralarining zararlanganidan kelib chiqadi. Bunga oshqozon osti bezining ayrim kasalliklari va virusli infeksiyalar sabab bo‘lishi mumkin. Birinchi turdagi qandli diabet asosan 25 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan kishilarda uchraydi.

Ikkinchi turdagi qandli diabet

Asosan, katta yoshlilarda uchraydigan kasallikning ushbu turida organizmdagi to‘qimalarning sezuvchanligi buzilgani sabab insulin ko‘p miqdorda ajraladi. Bunday jadallikda ishlagandan keyin oshqozon osti bezi ishdan chiqib, organizmda insulin yetishmasligi kuzatiladi.

Bolalarda ham kuzatilishi mumkin

RAMN bolalar salomatligi ilmiy markazining ma’lumotlariga qaraganda, bolalarda endokrinologik muammolarning kuzatilishi so‘nggi 15-20 yilda sezilarli darajada ko‘paygan. Bunga, asosan, vazn ortishi va insulinga qaramlik qolaversa, qandli diabet turlarining avvalgidan yashargani va keksalarda uchraydigan kasallik bugungi kunda bolalarda ham kuzatilishi sabab bo‘ladi. 4 kilodan ortiq vazn bilan tug‘ilgan bolalarda qandli diabet rivojlanishi xavfi yuqori bo‘ladi.

Xavf omillari

Irsiyat

1-turdagi qandli diabet tashqi ta’sirlar, masalan, virus sabab irsiy moyilligi bor kishilarda immunitet susayishi keyinchalik esa qandli diabet rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Ikkinchi turdagi qandli diabet esa nasldan naslga o‘tadi.

Ortiqcha vazn

Ikkinchi turdagi qandli diabetdan aziyat chekadigan kishilarning 90 foizining vazni ortiqcha.

Kasalliklar

Endokrin kasalliklar, pankreatit, ya’ni oshqozon osti bezining yallig‘lanishi, shuningdek, boshqa virusli infeksiyalar hatto gripp ham sabab bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, qandli diabetga moyilligi yuqori bo‘lgan, naslida ushbu kasallik bilan og‘rigan va vazni ortiq kishilar infeksiya yuqishidan ehtiyot bo‘lishi kerak. Ular jismoniy va emotsional zo‘riqishlardan qochishga harakat qilishi lozim.

Yosh

Har o‘n yilda ushbu kasallikka chalinish ehtimoli ikki martaga ko‘payadi, degan qarash mavjud. Ammo yosh o‘tishi bilan irsiyat kasallik keltirib chiqarishini hal qiladigan omil bo‘lmay qoladi.

Simptomlari

Qandli diabetga xos simptomlar turli, boshqa kasallik va holat singari namoyon bo‘lishi mumkin. Quyidagi belgilar kuzatiladigan bo‘lsa, qon tahlili topshirib, kasallik bor yoki yo‘qligini aniqlab olish kerak.

  • doimiy ravishda chanqash;
  • og‘iz qurishi;
  • tez tez peshob ajralishi;
  • lohaslik va holdan toyish;
  • terining qurishi, qichishish;
  • yaralarning sekin bitishi;
  • vazn va ishtahaning sezilarli oshishi.

Nima qila olishingiz mumkin?

Qandli diabetga chalinish xavfi yuqori bo‘lgan kishilar uy sharoitida maxsus glyukometr yordamida qand miqdorini o‘lchab tursa bo‘ladi. Undan foydalanib, natija qanday ekanligini bilishingiz mumkin. Dorixonalarda tugmachasiz va ovozli signal orqali qand miqdori ko‘p yoki kamligi haqida xabar beradigan glyukometrlar bor. Kasallik dastlabki bosqichda o‘zini kamdan kam hollarda namoyon qilgani sabab sog‘lom kishilar ham qondagi qand miqdorini yarim yil yoki bir yilda bir marta o‘lchatib turishi lozim.

Qandli diabet parhezi

Moyilligi bor, kasallikka chalinish xavfi yuqori bo‘lgan kishilar, qandli diabetdan aziyat chekadigan kishilar, ayniqsa, to‘g‘ri ovqatlanishga rioya qilishi kerak. Tarkibida tez singadigan uglevodlar ko‘p bo‘lgan mahsulotlardan tiyilish, sekin singadigan uglevodli, donli mahsulotlar, meva va sabzavotlar hamda glikemik ko‘rsatkichi yuqori bo‘lmagan mahsulotlarni iste’mol qilish lozim. Vaqti-vaqti bilan “parhezli shirinliklar” fruktoza, sorbit va shakar o‘rnini bosadigan boshqa mahsulotlar iste’mol qilsa bo‘ladi. Ammo har qanday vaziyatda ham shifokor bilan maslahatlashgan ma’qul.

Nimaga e’tibor qaratish kerak?

Ushbu kasallikdan aziyat chekadigan aksariyat kishilarda qon aylanishi va qon tomirlar zararlangani sabab terining, ayniqsa, oyoq va qo‘l sohalarida qichishish kuzatiladi. Teri yupqalashadi, yara va chaqalar sekin bitadi. Qo‘l va oyoqdagi nervlarning zararlangani sabab esa bora-bora jarohatlar sezilmasligi mumkin. Hatto oddiy tirnalishlar ham yallig‘lanish jarayonlarini keltirib chiqarishi mumkin. Shu sabab ham teridagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lmaslik, dermatolog va endokrinologga murojaat qilish kerak.

Ko‘p kuzatiladigan jarohatlar

Qon tahlili topshirgandan keyin turli salbiy muammolar kelib chiqmasligi uchun e’tiborli bo‘ling. Oyoqlardagi qon aylanishining yomonlashishi sabab yaralar bitishi qiyin kechadi. Shu sabab ham oyoq quruq bo‘lib qolmasligiga e’tibor bering va namlantiruvchi kremdan foydalaning.

Chora-tadbirlar

Qondagi qand miqdorini aniqlash uchun qon tahlili so‘nggi marta ovqat tanovul qilinganidan 8 soat keyin, och qoringa topshiriladi. Me’yorda 1 litr qonda 3,5-5,5 mmol qand bo‘lishi kerak. Agar ushbu ko‘rsatkich 7,0 mmol/litr bo‘lsa, shubhasiz, qandli diabet tashxisi qo‘yiladi. 5,6 ko‘proq, ammo 7,0dan kam bo‘ladigan bo‘lsa, 3-6 oydan keyin aniqlashtirish uchun qayta qon tahlili olinadi.