“Mehr va oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyatiga Toshkent viloyatidagi cho‘chqa fermasida go‘shtini sotish maqsadida itlar ommaviy ravishda otib o‘ldirilayotgani haqida xabar kelib tushdi.

“Hayot” uysiz hayvonlar uchun boshpana.

Foto: The Mag

Unda aytilishicha, Toshkent viloyatining Keles shahridagi cho‘chqa fermasida itlar go‘shtlarini sotish maqsadida ommaviy ravishda o‘ldirilmoqda. Yaqin atrofda yashovchi guvohlar cho‘chqa fermasi hududidan hayvonlar ovozi tez-tez eshitilib turishini tasdiqlab, hududda doim yoqimsiz hid borligini, u yerdagi ishchilar esa fermada aynan itlar o‘ldirilishini yashirmasligini aytmoqda.

Murojaat yo‘llagan shaxs qasd olishlaridan qo‘rqib, ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan.

“Mehr va oqibat” jamiyati Toshkent viloyati IIB boshlig‘i va prokuroriga, shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘iga ushbu noqonuniy faoliyatni to‘xtatish maqsadida murojaatnoma yuborgan.

Avvalroq O‘zbekiston FVV boshpanasiz itlar otib tashlanishi to‘g‘risidagi xabarlarni rad etgan edi.