Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining 19-fevral kuni o‘tkazilgan 23-sessiyasida kambag‘al oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi, deb xabar beradi O‘zA.
Yig‘ilishda aholini kambag‘allikdan chiqarish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tahlil qilinib, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar qayd etilgan. Xususan, kengash raisi Erkinjon Turdimov viloyat kengashining har bir deputatiga 50 million so‘mdan mablag‘ ajratishni taklif qilgan.
Deputatlar o‘z okrugidagi kamida 10 ta kambag‘al oila ro‘yxatini shakllantiradi va bu xonadonlarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ularga imtiyozli kredit ajratilishini nazoratga oladi. Ushbu mablag‘ hisobidan ularga yordam beradi.
Shuningdek, deputatlar kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar natijadorligini monitoring qilib, yo‘nalishlar kesimida o‘z takliflarini berishi taklif qilindi.
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat rahbarlariga 2021-yilda 1,6 milliondan ortiq ish o‘rni yaratish bo‘yicha topshiriq bergani ma’lum qilingandi. Unga ko‘ra, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga 160 ming fuqaroning bandligini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan.
Izoh (0)