Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida piyodani urib yuborish bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi yuz berdi, deya xabar bermoqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi.
Voqea 5-fevral kuni Bo‘ka tumanining “Bo‘ston” mahallasi hududidan o‘tgan avtomobil yo‘lida yuz bergan. Spark avtomobili rulida bo‘lgan 36 yoshli haydovchi 8 yoshli qizaloqni urib yuborgan.
Xabarda hodisa kimning aybi bilan yuz berganiga aniqlik kiritilmagan. Qizaloq tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Uning joriy ahvoli haqida aniq ma’lumot yo‘q.
“Mazkur YTH yuzasidan Bo‘ka tumani prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilib, hodisa sabablariga aniqlik kiritilmoqda”, — deyiladi IIV YHXBB axborotida.
“Xabar.uz”ning qo‘shimcha qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Spark haydovchisi ichki ishlar xodimi ekani haqida ma’lumotlar qoldirilgan.
Izoh (0)