Koson tumani hokimi Asrol Boyqarayev tumanning Gulbog‘ qishlog‘idagi noturarjoyda istiqomat qiluvchi xonadon vakillariga yangi uylar qurib berilmaguncha, ular yashab turgan joyidan hech qayerga chiqarilmasligini bildirdi. Bu haqda hokim ishtirokidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
“Daryo”ga shikoyat qilgan Mahmarajab Sharipov tadbirkor Renat Yusupov ular yashab kelayotgan noturar binoni 2018-yil sotib olganini aytib, ularni yashab turgan uyidan takroran chiqarmoqchi bo‘lganini bildirdi.
“Tadbirkor bizni yana yashab turgan joyimizdan chiqarishga urinmoqda. Qurilish qilmoqchiligini aytdi. Yashash uyimiz yo‘qligi sabab bu yerdan chiqsak, qayerga boramiz, degan tashvishimiz bor. O‘tgan safargi murojaatimizdan so‘ng, hokim kelib karantin paytida hech kimning uyi buzilmasligini aytib ketgandi. Endi shu masala yana ko‘tarildi va tadbirkor yashab turgan joyimizdan chiqib, uyni bo‘shatishimizni talab qilmoqda”, — dedi Mahmarajab Sharipov.
Hokim mazkur murojaatga munosabat bildirdi.
“Biz o‘tgan safar tadbirkor bilan kelishgandik va aholiga uy-joy qurish imkoniyatini qilmasdan ularni yashab turgan joyidan chiqarmaslikka to‘xtalgandik. Men davolanishga ketganimdan foydalanib, tadbirkor yana muammoni ko‘taribdi. To‘g‘ri, bu holatda tadbirkor haq. Biroq u haq ekan, deb odamlarni ko‘chaga chiqarib ham qo‘yolmaymiz-da. Eski Gulbog‘ shirkat xo‘jaligi idorasiga pul ajratib, o‘sha binoni aholiga uy qilib bermoqchimiz. Yaqinda ham 12 ta oilaga uy qurib bergandik. Endi o‘sha idora o‘rnida ham 16 ta xonadonga mo‘ljallab, uy quramiz va shundan keyin ularni o‘sha uylarga ko‘chirib, yashab turgan noturarjoyni bo‘shatamiz. Ungacha aholini hech kim hech qayerga chiqarmaydi”, — dedi tuman hokimi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil may oyida “Daryo”ga murojaat qilgan kosonliklar karantin paytida uyi buzilayotganidan shikoyat qilgandi. Mazkur muammo haqidagi maqola jamoatchilik e’tiboriga havola qilingach, hokim Asrol Boyqarayev muammoga e’tibor qaratib, karantin paytida uyi buzilayotgani aytilgan gulbog‘liklar bilan uchrashib, ularni hech kim bezovta qilmasligini bildirgandi.
Izoh (0)