Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi “Eski bozor” hududida joylashgan qassobxonada yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 7-fevral kuni soat 17:55 da Sirdaryo viloyatining Guliston shahri “Taraqqiyot” MFY Alisher Navoiy ko‘chasida joylashgan “Eski bozor” hududidagi qassobxonada yuzaga kelgan. Yong‘in oqibatida qassobxona ichidagi 1 dona muzlatkich va savdo stoli, jami 12 kvadrat metr maydonga zarar yetgan.
“Voqea joyiga zudlik bilan viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari yetib borgan. Yong‘in soat 18:02 da o‘rab olinib, 18:05 da batamom o‘chirilgan”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, olib borilgan tezkor harakatlar natijasida qassobxonaning 15 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan. Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Avvalroq Farg‘onaning O‘zbekiston tumanidagi bozorda yong‘in sodir bo‘lgani, Asakadagi kiyim-kechak bozorida yong‘in yuz bergani, shuningdek, Toshkentda Jomiy bozori yaqinidagi bir nechta qurilish do‘konlarida yong‘in kelib chiqqani to‘g‘risida xabarlar berilgandi.
Izoh (0)