“Toshkent metropoliteni” yangi metro stansiyalariga nomlar qo‘yilmagani to‘g‘risidagi tanqidlarga javob berdi.
Ma’lum qilinishicha, yangi qurilgan stansiyalarga nom berish jarayonida “Toshkent metropoliteni” UK umuman ishtirok etmayapti.
“Ushbu masala Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasi vakolatiga kiradi. Bundan tashqari, loyihada ko‘zda tutilgan istiqbolli qurilish to‘liq amalga oshirilmagan. Rejalashtirilgan metro stantsiyalardan bugungi kunga qadar yettita qurilgan stansiya foydalanishga topshirildi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, “Toshkent metropoliteni” UK mutaxassislari tomonidan metroda adashmaslik hamda yo‘lovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida metrodagi yo‘nalish chizmalari, turli ko‘rsatgichlar va boshqa navigatsiya ko‘rinishlari bosqichma-bosqich yangilash ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Sergeli metro liniyasini qurish ishlari 2016-yilning dekabrida boshlangan bo‘lib, u 2020-yilning kuzida foydalanishga topshirilishi lozim bo‘lgan. Loyihaga ko‘ra, metropolitenning yangi yo‘nalishi “Choshtepa”, “Toshkent halqa yo‘li”, “Sergeli”, “Afrosiyob”, “Qipchoq” va “Chinor” nomlariga ega bo‘lishi kerak edi.
Sentabr oyida Toshkent metropoliteni xodimi Rustam Po‘latov yangi metro liniyalarining raqamlanishi vaqtincha ekanligini bildirib, “Qolgan bekatlar ham qurib bitkazilgandan keyin Toshkent shahar hokimligining tegishli idoralari bekatlarga nom qo‘yadi. Atamashunoslar bunda bekatlar qurilgan joyning tarixi, o‘tmishini o‘rganib, shunga ko‘ra nom tanlaydi”, deb aytgandi.
Biroq 30-avgust kuni ochilgan Qo‘yliq metrosi bekatlarining ham, Sergelidagi metro stansiyalarining ham nomi yo‘q, faqat raqamlangan.
Izoh (0)