Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi bolalarni kuzatuvchi tajriba loyihasini yo‘lga qo‘ymoqda. Bu haqda vazir o‘rinbosari Saken Sarsenovga tayanib, “Interfaks” xabar bermoqda.
“Bolalar xavfsizligi bilan bog‘liq tajriba loyihasini boshlaymiz. Bu tizimning o‘ziga xos jihati shundaki, avval bu masalada turli dasturlar, mobil telefonlar, soatlar qo‘llangan va ularning faoliyati istalgan daqiqada tugashi mumkin bo‘lgan batareykalarga bog‘liq bo‘lgan. Biz ishlatayotgan kichik qurilma esa bolaning kiyimiga yoki sumkasi ichiga tikilgan va quvvati bir yilga yetadi”, — dedi Sarsenov.
Ta’kidlanishicha, bu qurilmaning ishlashi uchun internetga ulanish shart emas. Uni ishlatish uchun faqat Bluetooth’ning o‘zi kifoya.
“Barchamizga ma'lumki, bugungi kunda Bluetooth’dan keng foydalanamiz, yo naushniklarimiz uchun, yo soatimiz uchun. Bu tizim bolaning qayerdaligini aniqlashga yordam beradi”, — ta’kidladi Sarsenov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bolaning qayerdaligini faqatgina uning ota-onasi biladi, zarur bo‘lganda politsiya xodimlari ham buni aniqlashi mumkin.
“Biz hozir tajriba hududini belgilab oldik, bu — Olmaota shahri. Ta’lim va fan vazirligi tajriba o‘tkaziladigan maktabni aniqlab berdi. Hozircha loyiha tajriba ko‘rinishida yo‘lga qo‘yiladi, keyin yil oxirigacha butun Qozog‘istonga joriy qilinadi”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Ma’lum bo‘lishicha, bu loyiha davlat-xususiy sherikchilik asosida yo‘lga qo‘yilmoqda va davlat budjetidan pul ajratilmayapti. Yagona jihati, politsiya loyihaga operativ boshqaruv tizimiga ulanishga ruxsat berdi. Qozog‘istonda bunday loyihalar bir nechta xususiy kompaniyalar tomonidan amalga oshiriladi.
Izoh (0)