O‘zbekistonda 2021-yil 1-martdan Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonlari boshlanadi. Bu haqda muhokamaga qo‘yilgan 2021-yilgi Davlat dasturi loyihasida keltirilgan.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuksak saviyada o‘tkazish bo‘yicha aniq choralar belgilanadi. Mazkur vazifani bajarish muddati etib, 2021-yil 1-mart sanasi belgilangan.
Dasturda saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar bo‘yicha bilimlarini tizimli asosda shakllantirish hamda aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilash nazarda tutiladi.
Shuningdek, xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha takliflar ham ishlab chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida 2021-yilda o‘tkaziladigan “davlat va xalq hayotidagi muhim siyosiy hodisa” — prezidentlik saylovlari masalasiga to‘xtalib o‘tgandi. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev Markaziy saylov komissiyasi “bo‘lajak saylovlarning milliy qonunchilik va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuksak saviyada tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratishi” lozimligini ta’kidlagan.
Izoh (0)