Indoneziyaning Sulavesi orolidagi zilzila oqibatida jami 56 kishi halok bo‘ldi, deb yozadi “RBK” Tabiiy ofatlarga qarshi kurash milliy agentligiga (Badan Nasional Penanggulangan Bencana — BNPB) tayanib.

G‘arbiy Sulavesi provinsiyasida odamlar gubernatorning vayron bo‘lgan ofisini ko‘zdan kechirmoqda.

Foto: Reuters

Agentlikning aniqlik kiritishicha, eng ko‘p qurbonlar Mamuju shahrida — 47 kishi. Majen shahrida 9 kishi halok bo‘lgan. “Bundan tashqari, Majenda 637 kishi jarohatlangan, shularning 12 nafari jiddiy darajada, 200 nafari o‘rta og‘irlik darajasida va 425 nafari yengil daraja shikastlangan. Mamujuda 189 kishi jiddiy jarohatlar olgan yoki kasalxonaga yotqizilgan ”, — dedi agentlik vakili Raditya Jati.

Hozir Majenda elektr ta’minoti qisman qayta tiklangan. BNPB mahalliy hukumat va ko‘ngillilar bilan birgalikda jabrlanganlarni evakuatsiya qilishda va yer osti silkinishlari oqibatlarini bartaraf etishda davom etmoqda.

6,2 magnitudali zilzila Sulavesi orolining g‘arbiy qismida 15-yanvarga o‘tar kechasi yuz berdi. Oqibatda yer o‘pirilishlari sodir bo‘lib, provinsiyaning aholi eng zich joylashgan ikki shahri — Majen va Mamuju o‘rtasidagi asosiy yo‘l to‘silib qoldi va qisman vayron bo‘ldi.

Dastlab 3 kishi halok bo‘lgani xabar berildi, keyinroq ularning soni 30 kishidan oshdi. 15 mingga yaqin odam o‘z uylarini tark etdi. Majenda kasalxona va mintaqa gubernatori ofisi vayron bo‘ldi. Hukumat sunamiga olib kelishi mumkin bo‘lgan yangi zilzilalar xavfi haqida ogohlantirdi.