Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Nima bo‘ldi?

AQSh Vakillar palatasi Donald Trampga nisbatan ikkinchi impichmentni yoqlab ovoz berdi. 2021-yil 20-yanvar kuni yangi prezident Jo Bayden lavozimiga kirishganidan keyin Tramp shundoq ham prezidentlikdan ketsa-da, demokrat kongressmenlar bu jarayon muhim ekanligini, chunki amaldagi prezident hamon AQSh uchun xavf tug‘dirishini aytib, shu fikrda turib oldi. Tramp 6-yanvar kuni, uning tarafdorlaridan iborat olomon Kongress binosiga bostirib kirib, prezident saylovlarining yakunlari tasdiqlanishiga xalaqit berishga uringanidan keyin “qo‘zg‘olonga da’vat etish”da ayblandi. Demokratlar fikricha, tartibsizliklar AQShda demokratiyaga tahdid solgan, shu sababli Tramp ularning sababchisi sifatida javobgarlikka tortilishi kerak. Endi ish Senatda ko‘rib chiqiladi. Meduza bularning barchasi nima bilan tugashi mumkinligi borasida fikr yuritdi.

O‘zi impichment amalga oshirildimi, yo‘qmi?

Ha, impichment bo‘lib o‘tdi. Ammo bu hali vakolatlardan mahrum qilishni bildirmaydi — u haqdagi qarorni Senat qabul qiladi. Bu holda u sud rolini bajaradi, aybdor deb e’lon qilingan taqdirda, u hukm qiladigan bosh jazo bu — egallab turgan prezident lavozimidan ozod qilish.

Bitta odamning o‘ziga nisbatan ikkinchi marta impichment e’lon qilish o‘zi qonuniymi?

Ha. AQSh Konstitutsiyasi Vakillar palatasi bitta odamga nisbatan impichment e’lon qilishi mumkin bo‘lgan, Senat esa sud tartibida uni vakolatlaridan mahrum qilish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin bo‘lgan holatlar sonini cheklamaydi.

Bir yil avval Trampga Vakillar palatasida impichment e’lon qilingan, so‘ng u Senatda sud qilingan edi. O‘shanda senatorlarning ko‘pchiligi uni oqlash tarafdori bo‘lgan — respublikachilardan bor-yo‘g‘i ikki kishi prezidentning hokimiyatdan chetlatilishini yoqlagan. Ammo hozir Trampning pozitsiyasi yomonroq. Birinchi marta Palatada impichment uchun birorta ham respublikachi ovoz bermagan bo‘lsa, endi bundaylar o‘n nafarni tashkil qilgan. Shunisi aniqki, hozir Respublikachilar partiyasi avvalgidek birdam emas, shu sababli Senatda munozaralar o‘tkirroq bo‘lishini kutish mumkin.

Senat majlisi qachon bo‘ladi?

Senatning navbatdagi majlisi 19-yanvarga belgilangan. Uni oldinroq o‘tkazish uchun 100 nafar senatorning barchasi rozilik berishi kerak, respublikachilar ko‘pchiligi yetakchisi Mitch Makkonnell esa bunga qarshi ekanligini allaqachon aytib o‘tgan. Ya’ni 19-yanvar — Vakillar palatasi senatorlarni Trampga impichment e’lon qilingani haqida xabardor qilish mumkin bo‘lgan eng erta muddat. Ish bo‘yicha eshituvlarni respublikachilar ko‘pchiligi ertasi kuni 13:00 da boshlashni rejalashtirmoqda. Nazariy jihatdan senatorlar buni ertaroq ham amalga oshirish huquqiga ega, ammo buni respublikachilar istashi amri mahol — 20-yanvar kuni peshinga Jo Baydenning inauguratsiyasi belgilangan, bu Tramp shundoq ham prezident lavozimidan ketadi, degani.

Ya’ni hech qanday eshituvlar bo‘lmaydimi? Axir Tramp shundoq ham iste’foga chiqadi-ku?

Vaziyat murakkabroq. Amerikalik huquqshunoslarning ba’zilari haqiqatan ham sobiq prezidentni lavozimidan ketganidan keyin impichment tartibida sud qilib bo‘lmaydi, degan fikrda. Axir Konstitutsiyaga muvofiq, amaldagi mansabdorlargina lavozimidan chetlatilishi mumkin, Tramp esa o‘shanda amalda bo‘lmaydi.

Ammo ba’zi huquqshunoslar bunga zid fikrni bildirmoqda. Ularning aytishicha, sudning asosiy mazmuni iste’fo emas, balki ayblov hukmining o‘zi. Ularning dalillari quyidagicha:

  • hatto iste’fosidan keyin ham sobiq mansabdorlar (impichment esa har qanday mansabdor shaxsga e’lon qilinishi mumkin) lavozimni egallab turgan paytida amalga oshirilgan xatti-harakatlari uchun javobgar bo‘lishi kerak;
  • Senat qoidalari Vakillar palatasi amalga oshirilgan impichment haqida xabar berganidan keyin jarayonni to‘xtatib qo‘yishni nazarda tutmaydi — hatto ishni ko‘rib chiqish chog‘ida mansabdor shaxs iste’foga chiqsa ham;
  • nihoyat, eng asosiysi, Konstitutsiyaga muvofiq, Senat odamni nafaqat iste’foga chiqarishi, balki uni “AQShga xizmat qiluvchi har qanday faxriy, mas’uliyatli yoki daromadli lavozimni bajarish” huquqidan ham mahrum qilishi mumkin. Ya’ni Trampga kelajakda prezident lavozimini egallash taqiqlanishi mumkin;
  • ustiga ustak, bunday pretsedentlar (ular prezidentlarga nisbatan bo‘lmasa-da) Amerika tarixida bo‘lgan.
Aftidan, Senatdagi respublikachilar yetakchisi Mitch Makkonnell jarayonni o‘tkazishni rejalashtirmoqda — Amerika OAVlari qo‘liga uning ushbu holat bo‘yicha o‘z partiyadoshlari uchun yo‘riqnomasi kelib tushgan.

Demak, Trampga 2024-yilda prezidentlikka nomzodini qo‘yishni taqiqlashmoqchimi?

Shunaqaga o‘xshaydi. Ustiga ustak, bu unga nisbatan ayblov hukmini chiqarib, uni vakolatlaridan mahrum qilish kerak bo‘ladigan holatdan ham osonroq.

Hozir Senatda kuchlar quyidagicha taqsimlangan: respublikachilarda 51 ta ovoz, demokratlarda va ularni qo‘llab-quvvatlovchi mustaqillarda — 48 ta ovoz. Tez orada Jorjiyadan ikki senator qasamyod qabul qilishi hisobiga demokratlar ko‘pchilik ovozga ega bo‘ladi (aniqrog‘i, ovozlar taqsimoti 50 ga 50 bo‘ladi, ammo hal qiluvchi ovoz demokrat vitse-prezident Kamala Xarrisda bo‘ladi). Ammo bu baribir Trampni hokimiyatdan chetlatish uchun yetarli bo‘lmasdi — yana 17 respublikachining ovozi kerak bo‘lardi.

Lekin lavozimga taqiq qo‘yish uchun shunchaki ko‘pchilik ovoz talab qilinadi, uni esa Xarris yoki Trampga qarshi bo‘lgan respublikachilardan yana kimdir ta’minlay oladi (bunaqalar aniq bor).

Shunday bo‘lsa-da, ba’zi huquqshunoslar fikricha, senatorlarning uchdan ikki qismi tomonidan qoralangan bo‘lsagina, odamni lavozimni egallash huquqidan mahrum qilish mumkin. Ilgari bunday taqiq qo‘yilgan odamlar bilan aynan shunday bo‘lgan. Aks holda bu o‘zi aybdor deb topilmagan jinoyat uchun berilgan jazoga teng bo‘lib qoladi. Shuning uchun demokratlar Respublikachilar partiyasidan 17 senatorning ovozini qo‘lga kiritishi, Trampga ayblov hukmini chiqarishi, shundan keyin oddiy ko‘pchilik ovoz bilan prezident lavozimini egallashni taqiqlashi lozim. Amerika OAVlari ma’lumotlariga ko‘ra, Trampga qarshi 20 nafargacha respublikachi senator ovoz berishi mumkin.

Agar Trampni qoralashsa, ayniqsa, agar prezident lavozimini egallash huquqidan mahrum qilishga urinishsa, Trampning huquqshunoslari bunday qaror ustidan Oliy sudga shikoyat arizasi berishi deyarli aniq. To‘g‘ri, 1993-yilda sudyalar impichment masalasi siyosiy va u sud hokimiyati tomonidan baholanmasligi haqida qaror qabul qilib bo‘lishgan.

Shunday bo‘lsa ham, nazariy jihatdan demokratlar boshqa yo‘ldan borishi ham mumkin, ya’ni Trampga qarshi 14-tuzatishni qo‘llashi mumkin.

Bu qanaqa tuzatish bo‘ldi?

U “AQShga qarshi qo‘zg‘olonda yoki isyonda qatnashgan” mansabdorlarning kelajakda qandaydir davlat lavozimlarini egallashini taqiqlaydi. Bu tuzatish fuqarolar urushidan keyin ko‘p o‘tmay, qullik hukm surgan janub tomoniga o‘tib ketgan mansabdorlarga qarshi qabul qilingan. O‘shandan buyon bu tuzatishdan juda kam hollarda foydalanilgan, ammo endi Tramp tufayli yodga olindi. Gap shundaki, prezident aynan “qo‘zg‘olonga da’vat qilganlik” uchun ikkinchi marta impichmentga duch kelgan. Ya’ni nazariy jihatdan unga prezidentlikka nomzodini qo‘yish shu asosda ham taqiqlanishi mumkin. Buning ustiga, tarixiy nuqtayi nazardan, ushbu chorani qo‘llash uchun ham kongressning ikkala palatasida ko‘pchilik ovozga ega bo‘lish kifoya qiladi, demokratlar esa yaqinda bunday imkoniyat bo‘ladi.

To‘g‘ri, bu holda ham Trampning jamoasi Oliy sudga murojaat qilishi aniq, u yerda esa hozir konservativ kayfiyatdagi sudyalar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Da’vo qo‘zg‘olonga da’vat qilish unda qatnashish bilan teng emasligiga asoslanishi mumkin.

Bu Trampga prezidentlikka nomzodini qo‘yishga taqiqdan boshqa xavfni tug‘dirishi ham mumkinmi?

Agar senat Trampni qoralasa (14-tuzatishdan foydalanmasa), unda u AQSh prezidentlari uchun ko‘zda tutilgan bir qator imtiyozlardan ayriladi, bular:
  • vazirning yillik maoshiga teng bo‘lgan bir umrlik davlat pensiyasi (vazir maoshi AQShda 2021-yilda 221 ming dollarni tashkil qilgan);
  • AQShning istalgan nuqtasida ofis ijarasi uchun xarajatlar qoplamasi;
  • safarlar uchun to‘lov (yiliga bir million dollargacha);
  • davlat dafn marosimlari huquqi;
  • bevasining yashash xarajatlari.
Lekin Tramp umrining oxirigacha maxfiy xizmat tomonidan qo‘riqlanishga, shuningdek, rasman “janob prezident” deb nomlanishiga umid qilsa bo‘ladiganga o‘xshaydi. Sobiq mansabdorlar uchun tibbiy sug‘urtaning qulay shartlaridan esa u har qanaqasiga mahrum bo‘ladi — u prezident lavozimida ikki muddat davomida bo‘lganlar uchungina ko‘zda tutilgan.

Va yana, Rossiyaning sobiq prezidentlaridan farqli o‘laroq AQSh prezidentlari daxlsizlik huquqiga ega emas.

Ya’ni Tramp qamalishi mumkinmi?

Nazariy jihatdan — ha. 1982-yilda AQSh Oliy sudi sobiq prezidentlar ularning prezident lavozimidagi xatti-harakatlari oqibatidagi zarar uchun pul to‘lashdan ozod etilgani haqida qaror chiqargan, ammo ular jinoiy javobgarlikdan ozod qilinmagan. Agar Tramp uning impichmentiga asos bo‘lgan “qo‘zg‘olon”da ayblansa, u 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. To‘g‘ri, buni sudda isbotlash kongressdagidan qiyinroq bo‘lishi mumkin, chunki huquqiy talqin siyosiysidan qat’iyroq. 1969-yilda Oliy sud AQSh fuqarosi zo‘ravonlikni oqlagani va targ‘ib qilgani uchun jazolanishi mumkinligi haqida qaror qabul qilgan, ammo buning uchun uning gaplari qonunsizlikka bevosita gijgijlash deb baholanishi kerak. Trampning o‘z tarafdorlari Kapitoliyga hujum qilishidan oldingi nutqini, aftidan, boshqacha talqin qilish ham mumkin.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Turkiya Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga kirish haqidagi arizalarni alohida-alohida ko‘rib chiqishi mumkin
Mahalliy
O‘zbekistonda dollar kursi pastladi 
Mahalliy
Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi