Facebook va Twitter ikki kun ichida jami 51 milliard dollar yo‘qotdi, deb xabar beradi Business Insider.

Foto: Digital Russia

10-yanvar kuni ikkala platforma ham AQShning amaldagi prezidenti Donald Trampning akkauntlarini bloklab qo‘ygan edi. Nashrning yozishicha, bunga investorlar “sezilarli darajda qarshilik ko‘rsatgan”.

Aksiyadorlar ijtimoiy tarmoq qarori foydalanuvchilarni undan ketishga majbur qilishidan xavotirga sabab qimmatli qog‘ozlarni sotishga tushgan, bu esa Facebook aksiyalarining qiymatining 11-yanvar kuni 4 foizga, 12-yanvar kuni yana 2 foizga tushib ketishiga olib kelgan.

Twitter aksiyalari 11 va 12-yanvar kunlari mos ravishda 6,4 hamda 2,4 foizga arzonlashgan. Ikki kunlik savdolar natijasiga ko‘ra, 8-yanvardan buyon Facebook kapitallashuvi 47,6 milliard dollarga qisqargan. Twitter’ning bozor qiymati 11—12-yanvarda esa 3,5 milliard dollarga tushib ketgan.

13-yanvar Toshkent vaqti bilan soat 23:40 holatiga ko‘ra, Facebook’ning bozor qiymati 715,2 milliard dollarni, Twitter esa 47,7 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Avvalroq YouTube Donald Trampning kanalini “muzlatib” qo‘ygani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, AQShda 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari natijalarini saylovchilar hay’ati 15-dekabr kuni qo‘llab-quvvatlab, demokratlardan nomzod Jo Baydenni g‘olib deb e’lon qildi. Kongress yakunlarni 6-yanvar kuni tasdiqlashi kerak edi. Bunga saylovda mag‘lub bo‘lgan prezident Donald Trampning tarafdorlari xalaqit berdi: ular Kongress binosi yonida yig‘ilib, ichkariga bostirib kirdi. Politsiya ularni faqat kuch bilan quvib chiqara oldi.

Kongressmenlarning bir qismi Kapitoliydan evakuatsiya qilindi. Vashingtonda komendantlik soati e’lon qilinib, tartibni saqlash uchun AQSh poytaxtiga Milliy gvardiya kuchlari kiritildi. To‘qnashuvlarda to‘rt kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.

Shundan so‘ng Facebook va Instagram Trampni 24 soatga, Twitter esa 12 soatga bloklab qo‘ydi. Keyinroq, 7-yanvar kuni AQSh Kongressi majlisini davom ettirib, Jo Bayden AQShning 46-prezidenti etib saylanganini tasdiqladi va uning inauguratsiyasini 20-yanvarga belgiladi.