Davlat statistika qo‘mitasi 2020-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning demografik ko‘rsatkichlariga oid ma’lumotlari va o‘lim statistikasini e’lon qiladi.

Foto: UzDaily

Ko‘pchilik jurnalist va blogerlar tomonidan qiziqish bildirilayotgan o‘lim statistikasi hamda respublikaning demografik ko‘rsatkichlariga oid ma’lumotlar Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan ayni kunlarda tayyorlanmoqda va e’lon qilinishi rejalashtirilgan.

2021-yil yanvar oyining yakuniga qadar 2020-yil yakuni bo‘yicha respublikaning demografik ko‘rsatkichlariga oid statistik ma’lumotlar va o‘lim statistikasi ko‘rsatkichlari qo‘mitaning rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e’lon qilinadi.

Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati

O‘zbekistonda 2020-yil avgustidan beri umumiy o‘lim holatlari bo‘yicha rasmiy statistik ma’lumotlar e’lon qilinmayapti. Davlat statistika qo‘mitasi oktabr oyida to‘qqiz oylik yakunlari bo‘yicha demografik holatga doir axborotnomasida umumiy o‘lim statistikasini ham e’lon qilishi lozim edi, biroq ushbu ma’lumotlar hozirga qadar e’lon qilinmagan. 2020-yil uchun faqat yanvar—iyul oylariga taalluqli o‘lim statistikasi ma’lum, xolos.

Qo‘mita ushbu holat yuzasidan noyabr oyida bergan izohida o‘lim statistikasini shakllantirish uchun mas’ul hisoblangan Adliya vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tegishli ma’lumotlarni Statistika qo‘mitasiga taqdim etmaganini ma’lum qilgan edi. O‘shanda Adliya vazirligi qo‘mitaning bu bayonotini rad etib, ma’lumotlar taqdim etilganini bildirgan bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligi OAVning bu boradagi so‘rovlariga javob bermagan.

Iqtisodchi Behzod Hoshimovning ta’kidlashicha, umumiy o‘lim holatlari bo‘yicha statistik ma’lumotlar hozir e’lon qilinmagani bilan, kelgusida e’lon qilinishiga umid bor va bu aynan hozir soxta, “chizilgan” statistik ma’lumotlar taqdim etilishidan yaxshiroq. Chunki o‘tgan davrda ayrim statistik ma’lumotlar “chizilgan”, “o‘ylab topilgan” raqamlardan iborat bo‘lgani uchun endi o‘sha vaqtdagi haqiqiy ahvol aslida qanday bo‘lganini hech qachon bilib bo‘lmaydi.

Ma’lumot uchun, 2020-yil iyulida O‘zbekistonda umumiy o‘lim ko‘rsatkichi shu oy uchun so‘nggi yillarda shakllangan o‘rtacha ko‘rsatkichdan 26,4 foizga, Toshkent shahrida 166 foizga, Toshkent viloyatida 43,8 foizga, Navoiy viloyatida 51,7 foizga yuqori bo‘lgan.