Jizzax shahrining Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli uyning bir qismi 10-yanvar, yakshanba kuni qulab tushgani, qurilish “Chorvador-Qorako‘l-Baraka” kompaniyasi tomonidan olib borilgani haqida xabar berilgandi. Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan viloyatning nazorat inspeksiyasi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: O‘zA

“Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv natijasiga ko‘ra Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq qulagan bino yonidagi inshoot ham xavfli holatda turgani ma’lum qilingandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, inshoot egasi “Chorvador-Qorako‘l-Baraka” MChJ emas, balki “Barakali qorako‘l chorvador” fermer xo‘jaligi bo‘lib, u qo‘y naslchiligi bilan shug‘ullanadi.