“Paxtakor” hujumkor yarim himoyachisi Dostonbek Hamdamov erkin agent maqomida “sherlar” safini tark etdi.
24 yoshli futbolchi faoliyatini BAAning “An-Nasr” klubida davom ettiradi. Dostonbek dubayliklar bilan 1,5 yillik shartnoma imzolagan. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hamdamov “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisi hisoblanib, 2014—2017-yillarda “qaldirg‘ochlar” safida to‘p surgan. 2018-yilda futbolchi Rossiyaning “Anji” jamoasida harakat qilgan.
2019 va 2020-yilgi mavsumni “Paxtakor” safida o‘tkazgan Doston “sherlar” safida Superligada 48 o‘yin o‘tkazib, 16 golga muallif bo‘lgan. Osiyo Chempionlar Ligasida esa 15 ta uchrashuvda ishtirok etdi.
“An-Nasr” BAA chempionatining 2020/21-yilgi mavsumida 12-turdan keyin 24 ochko to‘plagan holda 3-o‘rinda bormoqda va peshqadam “Sharja”dan besh ochko ortda qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, BAA chempionatida ayni damda Otabek Shukurov (“Sharja”) va Azizbek G‘aniyev (“Shabob al-Ahli”) kabi o‘zbekistonlik futbolchilar faoliyat olib bormoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)