Insonning qancha umr ko‘rishi aniq emas. Ammo bir narsa ma’lum: salomatlik bilan bog‘liq muammolar kishi umrining uzoq yoki qisqaligiga ta’sir qiladi. Organizm va tanadagi alomatlar esa kasalliklardan dalolat berishi mumkinligi bir qancha tadqiqotlarda aniqlangan.

Foto: Pinterest

Tug‘ilish tartibi

Ba’zi tadqiqotlarda tug‘ilish tartibi bilan leykemiya va tuxumdonlar saratoni o‘rtasida aloqadorlik borligi ma’lum bo‘lgan. Katta farzandlar — o‘g‘il yo qizda, ikkinchi yoki keyingi farzandlarga nisbatan ushbu xavf yuqori bo‘ladi.

Barmoqlar uzunligi

4500 nafar erkak ishtirokchi qatnashgan tadqiqot mualliflari barmoqning uzunligiga qarab saratonning rivojlanish xavfini bilish mumkinligini aniqlagan. Ma’lum bo‘lishicha, ko‘rsatkich barmog‘i nomsiz barmog‘idan uzun bo‘lgan ishtirokchilarda prostota bezi saratoni boshqalarga nisbatan uch karra kam kuzatilgan.

Qo‘lni qanchalik mahkam qisish

25 yil davom etgan, 45 yoshdan 68 yoshgacha bo‘lgan kishilar ishtirok etgan tadqiqot mualliflari qo‘l qisish qanchalik kuchli bo‘lsa, shuncha uzoq vaqt yashash mumkin, degan xulosaga kelgan. Unga ko‘ra, har yili ishtirokchilarning qo‘l qisishi qanchalik kuchli ekani tekshirilgan va shunga qarab salomatliklariga baho berilgan. Natijada qo‘lni mahkam qisadigan kishilar kam kasal bo‘lishi va uzoq yashashi ma’lum bo‘lgan.

Soch to‘kilishi

Sochning tez-tez, ayniqsa, bosh o‘rtasidan to‘kilishi kardiologga murojaat qilish uchun jiddiy sabab bo‘la oladi. Ushbu holat yurak kasalliklari xavfi rivojlanayotganidan darak bo‘lishi Garvard tibbiyot maktabi hamda Brigam ayollar shifoxonasi mutaxassislari tomonidan isbotlangan. Kal bo‘lishning boshlanishi esa yurak bilan bog‘liq muammoning 36 foizga ko‘payganini bildiradi.