Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuritilayotgan koronavirus statistikasidan ko‘zlangan maqsad — xalqqa to‘g‘ri ma’lumot berib, “vahimalarga olib keladigan ma’lumotlarga chek qo‘yish”. Bu haqda vazirlik rahbari Abduhakim Hojiboyev “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonovga bergan qisqa intervyusida aytib o‘tdi.

SSV tomonidan yuritilayotgan koronavirusga doir rasmiy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2020-yil martidan beri hozirga qadar 78 mingdan kamroq odamda COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan, shundan rasman 617 kishi kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan. O‘zbekistonlik amaldorlar ko‘p hollarda ayni shu statistika ma’lumotlariga tayanib, “O‘zbekistonda pandemiya og‘ir o‘tmadi, yo‘qotishlar ko‘p bo‘lmadi”, qabilida fikr bildirmoqda.

Xususan, dekabr oyida O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya yig‘ilishida, jumladan, shunday degandi: “Pandemiya sharoitida odamlarimiz juda qiynaldi, butun dunyo qiynaldi. Shunga qaramay, mamlakatimiz bu vaziyatdan yaxshi chiqa oldi. Kasallik profilaktikasi, uni davolash va kambag‘allik, biznesni qo‘llab-quvvatlash nuqtayi nazaridan O‘zbekiston ushbu sinovlarni muvaffaqiyali yengdi. Biz qiynalganimiz yo‘q”.

Shu munosabat bilan sog‘liqni saqlash vaziridan uning o‘zi ushbu statistik ma’lumotlarga qanday munosabatda ekani, unga qanchalik ishonishi haqida so‘raldi. Vazir Hojiboyev bu o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilot yuritayotgan statistikaga mutlaqo ishonishini ta’kidladi, “chunki to‘g‘ri”.

Abduhakim Hojiboyev.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Bu statistika ma’lumotini Sog‘liqni saqlash vazirligi tayyorlaydi va unga to‘liq ishonaman. Chunki u to‘g‘ri. Bu bemorda nafaqat klinik belgilar, balki PZR yordamida kovid tasdiqlangan holatlar ko‘rsatkichidir. Pnevmoniya, shunga o‘xshash klinik belgilar bilan tushish mumkin. Agar ularda PZR tasdiqlanmasa, ro‘yxatga kirmaydi. Bundaylar ham bor, albatta.

Statistika hamma davlatlarda olib boriladi. Maqsad — xalqqa to‘g‘ri ma’lumot berib, har xil gumon va vahimalarga olib keladigan ma’lumotlarga chek qo‘yish.

Abduhakim Hojiboyev, sog‘liqni saqlash vaziri

Qayd etish joiz, SSVga aloqador boshqa mansabdorlar O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish holatlari rasmiy statistikadagidan bir necha bor ko‘p bo‘lishi mumkinligini inkor qilmaydi. Bundan tashqari, yanvar oyida Toshkent shahrida koronavirusga qarshi vaksina sinovida ishtirok etish istagini bildirgan 3 ming ko‘ngillining 30 foizida koronavirus simptomlarsiz kechgani, biroq ularning o‘zi bundan bexabar qolgani ma’lum bo‘lgandi.