Amerikaning barcha shtatlari markazlari va Vashingtonda 16—20-yanvar kunlari qurolli noroziliklar rejalashtirilmoqda. Bu haqda Federal qidiruv byurosi (FQB) ma’ruzasida aytiladi, deb xabar bermoqda Meduza.
Norozilik namoyishlarini, FQB ma’lumotlariga ko‘ra, o‘ta o‘ng faollar tayyorlamoqda. FQB o‘z hisobotini 2020-yil 29-dekabr kuni, AQSh prezidenti Donald Tramp tarafdorlari Kapitoliyni shiddatli hujum bilan egallashidan bir hafta avval chiqargan.O‘shanda, 2021-yil 6-yanvar kuni kongressmenlar demokrat Jo Bayden g‘alaba qozongan prezident saylovlari natijalarini tasdiqlashi kerak edi.
FQB ma’lumotlariga ko‘ra, “o‘z mafkurasini qo‘llab-quvvatlab, zo‘ravonlik uyushtirishga tayyorligi haqida” Boongaloo bois hukumatga qarshi o‘ta o‘ng harakatning “ba’zi izdoshlari” ma’lum qilgan. Yahoo News yozishicha, harakat “umummilliy qurolli yurish”ni 17-yanvar kuni o‘tkazishga umid qilmoqda.
6-yanvar kuni Vashingtondagi to‘qnashuvlarda besh kishi halok bo‘ldi. Saylov yakunlaridan norozilik belgisi sifatida Kapitoliy binosiga kelishga Tramp da’vat qilgan edi, shundan keyin AQSh kongressi vakillar palatasiga impichment to‘g‘risidagi rezolyutsiya kiritildi.
Rezolyutsiya bitta ayblovdan iborat — qo‘zg‘alonga gijgijlash. Unda aytilishicha, “prezident Tramp AQSh va hukumat institutlari xavfsizligini jiddiy xatar ostiga qo‘ygan”.
Izoh (0)