Snapchat ijtimoiy tarmog‘i Vashingtondagi Kapitoliy binosi shiddatli hujumga uchragach, AQSh prezidenti Donald Trampning akkauntini bloklab qo‘ydi, deb yozadi “RBK”.
“Chorshanba kuni (6-yanvar) prezident Trampning Snapchat akkauntini bloklab qo‘yganimizni tasdiqlashimiz mumkin”, — deya ma’lum qilishdi Snapchat’dan.
Kompaniyada aniqlik kiritishlaricha, ular Trampning quruq gaplaridan va demokratik institutlarga hujumlardan xavotirda.
Shuningdek, Amazon kompaniyasiga tegishli Twitch striming platformasi ham Trampning akkauntini bloklab qo‘ydi. Platforma matbuot kotibi Axios portaliga bergan intervyusida aytishicha, bu qaror Amerika jamoatchiligini Twitch’dan zo‘ravonlikni yanada avj oldirish maqsadida foydalanishdan himoya qilish uchun qabul qilingan.
Avvalroq Facebook asoschisi Mark Sukerberg Donald Tramp yaqin ikki hafta davomida, ya’ni prezidentlik lavozimi tugagunga qadar Facebook va Instagram’da bloklanishini ma’lum qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, AQShda 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari natijalarini saylovchilar hay’ati 15-dekabr kuni qo‘llab-quvvatlab, demokratlardan nomzod Jo Baydenni g‘olib deb e’lon qildi. Kongress yakunlarni 6-yanvar kuni tasdiqlashi kerak edi. Bunga saylovda mag‘lub bo‘lgan prezident Donald Trampning tarafdorlari xalaqit berdi: ular Kongress binosi yonida yig‘ilib, ichkariga bostirib kirdi. Politsiya ularni faqat kuch bilan quvib chiqara oldi.
Kongressmenlarning bir qismi Kapitoliydan evakuatsiya qilindi. Vashingtonda komendantlik soati e’lon qilinib, tartibni saqlash uchun AQSh poytaxtiga Milliy gvardiya kuchlari kiritildi. To‘qnashuvlarda to‘rt kishi halok bo‘lgani aytilmoqda.
Keyinroq, 7-yanvar kuni AQSh Kongressi majlisini davom ettirib, Jo Baydenning AQShning 46-prezidenti etib saylanganini tasdiqladi va uning inauguratsiyasini 20-yanvarga belgiladi.
Izoh (0)