Ares Design’ning Milandagi atelyesi 12 nusxada yaratiladigan Wami Lalique Spyder rodsteri uchun buyurtmalar qabul qilishni boshladi. Modelning o‘ziga xos jihati shundaki — uning interyeri Lalique billuri bilan bezatilgan, deb xabar beradi Motor.
O‘tgan asrning 50-yillarida mashhurlikka erishgan rodesterni yaratish ustida Italiyaning Ares Design tyuning-atelyesi ish olib borgan. Model eksteryerini xromlangan elementlar, jumladan, gaz chiqarish trubalari, shuningdek, oq to‘g‘inli g‘ildiraklar to‘ldirib turadi. Yangi mashinani bir nechta rangda buyurtma qilish mumkin: havorang, qizil, yashil va sarg‘ish.
Retro uslubdagi salon zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan, masalan, old panelga multimediya tizimi vazifasini bajaruvchi sensorli ekran o‘rnatilgan. Rodster aviatsiya uslubida yaratilgan qurilmalar paneli va soatlarga ega bo‘lgan. Interyer qo‘lda yasalgan billur yordamida bezatilgan — u eshik tutqichlari va markaziy konsolga o‘rnatilgan. Shuningdek, bezash ishlarida ingliz emani, alyuminiy va yuqori sifatli charmdan ham foydalanilgan.
Kompaniya hozircha yangi modelning texnik tavsifiga oid ma’lumotlarni oshkor qilmagan.
Avvalroq Gretsiyada tom qismi metall shishadan ishlagan, 3000 ot kuchiga ega giperkar yaratilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.