Ijtimoiy tarmoqlarda 2020-yilning 23-noyabr kuni “Bunaqasi faqat kinolarda bo‘lardi” sarlavhasi ostidagi videolavha tarqaldi. Videoda YPX mashinasi orqa tomonga harakatlanayotgan Lacetti avtomobilini ta’qib qilayotganini ko‘rish mumkin. Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi mazkur videodagi holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Foto: Telegram

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 21-noyabr kuni soat 21:50 da Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektori N.Dusebayev Qoraqamish-1 va Qoraqamish-2 ko‘chalari kesishgan chorrahada xizmat olib borayotgan vaqtida Lacetti rusumli, davlat raqam belgisi 01 R 515 RA bo‘lgan avtomobil haydovchisi svetoforning taqiqlovchi qizil chirog‘ida harakatlangan. Shu bois inspektor jezl va hushtak yordamida to‘xtash ishorasini bergan.

“Haydovchi YPX xodimining qonuniy talabini bajarmasdan harakatini davom ettirgan. YPX xodimi qoidabuzar haydovchining harakatini cheklash maqsadida o‘ziga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan Lacetti rusumli, 01 569 VSC davlat raqam belgili xizmat avtomashinasida kuzatib borgan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida Lacetti rusumli avtomobil to‘xtatilgan va haydovchi, 1999-yilda tug‘ilgan A.B.ga nisbatan belgilangan tartibda bayonnoma tuzilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan”, — deyiladi YHXBB xabarida.

Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi

Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi

Shuningdek, YHXBB ijtimoiy tarmoqlarda “GAI xodimi fuqaroni xizmat mashinasida quvib ketmoqda” sarlavhasi ostida tarqalgan video yuzasidan ham ma’lumot berdi.

2020-yilning 29-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda aholi xonadonlari joylashgan ko‘chada YPX mashinasi katta tezlikda harakatlanayotgan Lacetti avtomobilini quvib ketayotganini ko‘rish mumkin.

Xabar berilishicha, 29-noyabr kuni soat 14:20 da Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimi S.Alixonov Uyg‘ur va Nurafshon ko‘chalari kesishgan chorrahada Lacetti rusumli, 01 R 233 TA davlat raqam belgili avtomobil haydovchisiga to‘xtash ishorasini bergan. Haydovchi YPX xodimining qonuniy talabini bajarmasdan harakatini davom ettirgan.

“YPX xodimi S.Alixonov o‘ziga xizmatda foydalanish uchun biriktirilgan Lacetti rusumli, 01 576 VSC davlat raqam belgili avtomobilda Shofayz ko‘chasi bo‘ylab Lacetti rusumli avtomobil harakatini cheklash maqsadida uning ortidan harakatlanib borgan”, — deyiladi xabarda.

YHXBB xabariga ko‘ra, ushbu holat noma’lum fuqaro tomonidan video tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.