Davlat boshqaruvi bilan shug‘ullanadigan rahbarlarning rafiqasi bo‘lguniga qadar mazkur birinchi xonimlar moda, media, musiqa va kino olamida yetarlicha mashhurlikka erishib bo‘lgan.

Karla Bruni-Sarkozi

Foto: Marie Claire

Nikolya Sarkozining uchinchi rafiqasi model bo‘lgan. Uning kiyinish uslubi va garderobidagi liboslar siyosatga modani olib kelgan desa ham xato bo‘lmaydi. Kiyinishi sabab uni Jaklin Kennediga qiyoslashadi. Musiqachilar oilasida dunyoga kelgan Bruni voyaga yetganida ijod yo‘lidan ketishga qaror qilgan. Maktabni bitirganidan keyin arxitektor bo‘lishni rejalashtirgan. Ammo modellik karyerasini boshlab yuborgan, City Models bilan shartnoma imzolaganida endigina 19 yoshga to‘lgan edi.

Foto: Marie Claire

Muvaffaqiyatli loyiha va hamkorliklar uning mashhur bo‘lishiga sabab bo‘lgan.  Hali tanilib ulgurmasidan moda olamining titanlari hisoblangan Dior, Givenchy, Chanel, Yves Saint-Laurent va boshqa brendlar bilan hamkorlik qilgan. 90-yillardagi mashhur modellar haqida gap ketganida Karlaning ismini tilga olmasdan iloj yo‘q.

Foto: Marie Claire

Ammo Karla faqatgina modellik bilan cheklanmagan, u ijod qilish, albom yozish, qisqa qilib aytganda, musiqiy karyerasini ham maromiga yetkazgan. Albom taqdim qilgan, mukofotlarni qo‘lga kiritgan sobiq birinchi xonim ayni vaqtda ham musiqa bilan shug‘ullanib turadi. Qolaversa, u Yelisey saroyida yashagan vaqtida ham ijodni tashlab qo‘ymagan. Turmush o‘rtog‘i prezident bo‘lganining birinchi yilidayoq Comme si de rien n’était albomini taqdim qilgan. Albom sotuvidan tushgan mablag‘ esa xayriya ishlariga sarflangan. 2011-yilda esa u rejissor Vudi Allenning filmida suratga tushishga ham muvaffaq bo‘lgan. Gapning indallosini aytganda, Karla turmush o‘rtog‘idan qolishmaydigan darajada mashhur. Ayni vaqtda ham mavqeyini ushlab turishga harakat qiladi va musiqiy karyerasini davom ettirib keladi.

Melaniya Tramp

Foto: Marie Claire

Donald Trampning uchinchi rafiqasi Melaniya kommunistik mamlakatda dunyoga kelgan yagona birinchi xonim sanaladi. U Lyublyanada dunyoga kelib, model sifatida karyera qilish uchun u yerni tark etgan. U bolaligida Sloveniyadagi bolalar moda chiqishida ishtirok etgan, 16 yoshida esa ilk marta professional fotosessiyada o‘zini sinab ko‘rgan.

Foto: Marie Claire

U Karla Bruni singari mashhur bo‘lmagan bo‘lsa ham moda olamida o‘ziga yarasha nom qozonishga muvaffaq bo‘lgan: modellik agentlari bilan shartnoma tuzib, moda chiqishlari, jurnal muqovasi uchun suratlar hatto go‘zallik tanlovida ishtirok etgan. Trampning do‘sti Paolo Zampolli uni payqab, Nyu-Yorkda model sifatida faoliyat yuritishni taklif qilmaganida, AQShga ko‘chib borish uning xayolining ko‘chasiga ham kelmagan bo‘lardi. Shu bahona bo‘lib Tramp va Melaniya tanishib qoladi.

Foto: Marie Claire

Shundoq ham chiroyli va latofatli bo‘lgan Melaniyaning ishlari Tramp bilan tanishuvidan keyin yanada yurishib ketadi. Model sifatida karyerasi gullab-yashnaydi, reklama agentlaridan takliflar kelib tusha boshlaydi. Keyinroq Melaniya kosmetik brendga, zargarlik buyumlari kolleksiyasiga asos soladi. Xullas, Oq uyning bekasiga aylanguniga qadar ham Melaniya o‘ziga yarasha mashhur bo‘lgan.

Sofi Greguar-Tryudo

Foto: Marie Claire

Zamonamizning eng kelishgan va mashhur siyosatchilaridan biri bo‘lgan, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoning rafiqasi Sofi nomini avval butun dunyo aholisi bo‘lmasa ham Kanadaning Kvebek provinsiyasidagi har ikkinchi odam bilgan.

Foto: Marie Claire

Bunga uning muntazam ravishda ekranlarda turli ko‘rsatuv dasturlarda chiqishi sabab bo‘lgan. Yoshligida fotomodel, reklamachi bo‘lib faoliyat olib borgan Sofi jurnalistika sohasiga juda ham qiziqqan. Mahalliy radio-televideniye maktabini tamomlaganidan keyin LCN telekanalida ishlay boshlagan. Media sanoatidagi faoliyati sabab ham u turmush o‘rtog‘ini uchratgan. Mercedes-Benz tomonidan tashkil qilingan xayriya tadbirida boshlovchilikka taklif qilinadi va aynan shu tadbirda Jastin ham qatnashadi.

Pen Liyuan

Foto: Marie Claire

Xitoy raisi Si Szinpin mashhurlikda rafiqasi Pendan ortda desa ham xato bo‘lmaydi. Ular yoshligidayoq bir-biriga ko‘ngil qo‘yib uchrashishni boshlagan, ammo bu vaqtda Si endigina siyosatga qadam qo‘ygan yigitcha bo‘lsa, Pen Xitoy estradasida o‘z o‘rnini topib bo‘lgan yulduz edi. Pen ijod muhiti hukm surgan oilada dunyoga kelgan va musiqaga qiziqa boshlagan.

Foto: Marie Claire

Foto: Marie Claire

Uning onasi opera yo‘nalishida ijod qilganiga qaramay, Pen harbiy qo‘shiqlar kuylashni afzal bilgan. Barcha davlat tadbirlari usiz o‘tmaydigan bo‘lib qolgan va vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiqlar bilan muxlislar qalbidan joy olgan. Birinchi xonim sifatida Pen bugungi kunda chiqish qilmay qo‘ygan bo‘lsa ham onda-sonda muxlislar ko‘zini quvnatib turadi.

Veronika Lario

Foto: Marie Claire

Silvio Berluskonining rafiqasi Veronika teatr va kino aktrisasi bo‘lgan, ammo yuqoridagi xonimlar singari mashhur bo‘lmagan. U aktrisalikni 70-yillar o‘rtasida teatrdagi pyesa va seriallarda kichik rollardan boshlagan va bu vaqtda Italiyada mashhur bo‘lgan rejissor va aktyor Enriko Mariya Salerna bilan sevishib yurgan.

Foto: Marie Claire

Aynan Enriko aktrisa ishtirokidagi pyesalarni sahnalashtirgan. Ijro davomida Larioning latofati va aktrisalik mahorati Berluskonining ham e’tiborini tortgan. Veronika u bilan rasmiy turmush qurguniga qadar ham 10 yil birga yashagan va aynan shu vaqtda bir necha mashhur filmlarda suratga tushgan. Ammo turmush o‘rtog‘ining xiyonatidan keyin ajrashgan va shundan keyin boshqa aktrisalar Berluskonining qalbini zabt etgan ayol rolini ijro qilishni orzu qila boshlagan.