Afg‘oniston markazidagi G‘azni shahrida portlash yuz berdi, qurbonlar bor, deb xabar bermoqda “RBK” Ariana News’ga tayanib.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida 28 kishi halok bo‘ldi, 19 kishi jarohat oldi. Guvohlar xavfsizlik xizmati xodimlari va jangarilar o‘rtasidagi to‘qnashuv bo‘lganligini ma’lum qilgan.
Afg‘oniston qurolli kuchlari bazasi yaqinida xudkush-terrorchi bo‘lgan avtomashina portlagan. Mahalliy kasalxona rahbari jabrlanganlarning barchasi harbiy xizmatchilar ekanligini ma’lum qilgan. Hali bironta guruh hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
Noyabr oyi boshida qurollangan shaxslar Kobuldagi universitetga hujum qilgandi. Oqibatda 19 kishi halok va 22 kishi jarohatlangandi. Terakt tufayli mamlakat hukumati motam e’lon qilgan.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi diplomatlari ishtirok etgan Saudiya Arabistoni qabristonidagi marosimda portlash yuz bergani, kamida to‘rt kishi jarohatlangani xabar berilgan edi.
Izoh (0)