Navoiy viloyati Navoiy shahrida voyaga yetmagan bola yoqtirgan qiziga gapirgan 18 yoshli yigit bilan janjallashib unga tan jarohati yetkazdi, deya xabar qilmoqda Tergov departamenti.

Foto: Tergov departamenti

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 13-noyabr kuni soat 17:00 da, voyaga yetmagan fuqaro 17 yoshli Timurbek S. fuqaro 18 yoshli Asliddin Sh. uning yoqtirgan qiziga gapirganligini eshitib, bunga aniqlik kiritish maqsadida Navoiy shahar Jasorat ko‘chasida joylashgan “Moxinur” savdo majmuasi orqa tomonida ko‘rishgan.

Shu vaqtda voyaga yetmagan Timurbek S. va Asliddin Sh. o‘rtasida rashk natijasida o‘zaro janjal kelib chiqib, janjal vaqtida voyaga yetmagan Timurbek S. qo‘li bilan Asliddin Sh. tanasining turli qismlariga bir necha bor zarba bergan. Oqibatda Asliddin Sh. turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari olgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Asliddin Sh.ga “og‘ir” tan jarohati yetkazilganligi ko‘rsatilgan.

Holat yuzasidan Navoiy shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan voyaga yetmagan fuqaro 17 yoshli Timurbek S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha Timurbek S. gumon qilinuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq farg‘onalik yigit internet orqali tanishgan qizi unga turmushga chiqmasligini aytgani uchun qizning uyiga borib, 2 oylik chaqaloqni o‘ldirgani, Namanganda 16 yoshli bola sevgan qiziga SMS yuborgani uchun o‘zidan bir yosh katta bolani pichoqlab o‘ldirib qo‘ygani hamda sevishgan yoshlar ota-onasini qo‘rqitib qo‘yish maqsadida bir-biriga pichoq tiqishi oqibatda qiz shifoxonada vafot etgani haqida xabar berilgandi.