Dollar narxi jahon valyuta bozorida oxirgi 2,5 yil ichida ilk bor minimum darajagacha pastladi. AQSh valyutasining pastlashiga sabab sifatida koronavirusga qarshi samarali vaksinaning paydo bo‘lgani ko‘rsatilmoqda. Vaksinalarning ommaviy ravishda qo‘llanilishi investorlarni rezerv valyutaga bo‘lgan qiziqishini sovitgan, deb yozmoqda Bloomberg.

Foto: “Daryo”

Dollar Spot Index agentligi dollar va boshqa jahon valyutalarining keyingi harakati AQSh valyutasi qiymatining 2018-yil apreldagi minimumgacha tushib ketishiga sabab bo‘lganini qayd etgan. Ushbu hodisa AQSh hukumati mamlakatda uch haftadan keyin vaksinatsiya qilish jarayoni boshlanishi e’lon qilinganidan keyin yuz bergan.

O‘n yillik g‘azna obligatsiyalarining daromadlilik ko‘rsatkichi uch pog‘onaga ko‘tarilib, 0,86 foizga yetgan.

Shuningdek, 23-noyabr kuni funt hamda Norvegiya kronasining AQSh dollariga nisbatan narxi ko‘tarilgan.

“Vaksinalar haqidagi yangiliklar jahon iqtisodiyoti yaqin orada tiklanishidan darak bermoqda, shu sababli ham qochish uchun joy topishning asosiy aktivi bo‘lgan dollarga e’tibor susaymoqda. Bu tavakkalli aktivlar uchun juda yaxshi holat, ammo AQSh dollari uchun salbiy vaziyat”, – degan National Australia Bank Ltd. valyuta strategi Rodrigo Kartil.

Shuningdek, ekspert dollarning noaniqlik ko‘paygan holatlarda yutib chiqishini qo‘shimcha qilgan. Vaksinatsiyalash esa global iqtisodiy o‘sishning tiklanishiga xizmat qilishi, aksiyalar va boshqa tavakkalli investitsiyalar narxining o‘sishini ta’minlashi ta’kidlangan.

Avvalroq Citigroup tahlilchilari agar koronavirusga qarshi vaksinalar dunyoda keng tarqalsa hamda savdo va iqtisodiy o‘sish kuzatilsa dollar kursi 2021-yilda 20 foizga pastlashini prognoz qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 23-noyabrda O‘zbekiston Markaziy banki 24-noyabrdan xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan yangi qiymatini belgilagan. Unga ko‘ra AQSh dollarining rasmiy kursi 10 400 so‘mdan oshgan.