Xitoyda mutaxassislar Rossiyadan keltirilgan tovuq mahsulotlari o‘ramida koronavirusni aniqladi, deb yozadi “RBK” Xitoyning Guandun provinsiyasidagi Dunguan shahar kasalliklar nazorati va profilaktikasi markaziga tayanib.

Foto: “News.ru”

“Argentinadan import qilingan tovuq qanotlari va Rossiyadan import qilingan tovuq oyoqlari qadog‘idan olingan namunalar koronavirusning nuklein kislotasiga nisbatan testdan o‘tkazilganda ijobiy natija ko‘rsatdi”, — deyiladi xabarda.

Shu munosabat bilan zudlik bilan choralar ko‘rildi. Mutaxassislar mahsulotni muhrladi, omborxona dezinfeksiya qilindi va mahsulot bilan kontakt qilgan xodimlarning barchasi testdan o‘tkazildi — testlar hozircha salbiy natija berdi.

Oktabr o‘rtalarida Xitoyning Sindao shahrida muzlatilgan mahsulotlar qadog‘i ustidan birinchi marta tirik koronavirus topilgan edi. O‘shanda mutaxassislar chetdan olib kelingan muzlatilgan treska balig‘i o‘rami ustida tirik koronavirusni topgan edi.