“Borussiya D” hujumchisi Erling Holand Golden Boy—2020 sovriniga ega chiqdi, deya xabar qilmoqda Tuttosport.

Foto: Twitter

Har yili Yevropaning eng yaxshi yosh o‘yinchisiga taqdim etiladigan mazkur sovrin uchun kurashda norvegiyalik futbolchi eng ko‘p ovozni to‘plagan. Holand “Barselona” forvardi Ansu Fatini ortda qoldirgan. Fati internetda o‘tkazilgan so‘rovnomada g‘olib bo‘lgan va unga Web Golden Boy taqdim etiladi.

Italiyaning eng yaxshi yosh o‘yinchisi sifatida “Milan” yarim himoyachisi Sandro Tonali e’tirof etilgan.

Avvalroq ushbu sovringa da’vogar 20 nafar futbolchi nomi e’lon qilingandi — Mitchel Bakker (PSJ), Eduardo Kamavinga (“Renn”), Jonatan Devid (“Lill”), Alfonso Devis (“Bavariya”), Serjinyo Dest, Ansu Fati (ikkisi — “Barselona”), Fabiu Silva (“Vulverhempton”), Fil Foden, Ferran Torres (ikkisi — “Manchester Siti”), Meyson Grinvud (“Manchester Yunayted”), Rayan Gravenberh (“Ayaks”), Erling Holand, Jeydon Sancho (ikkisi — “Borussiya D”), Kallum Hadson-Odoi (“Chelsi”), Deyan Kulusevski (“Yuventus”), Rodrigo Goes, Vinisius Junior (ikkisi — “Real”), Bukayo Saka (“Arsenal”), Dominik Soboslai (“Zalsburg”) va Sandro Tonali (“Milan”).

Tuttosport tomonidan topshiriladigan ushbu mukofotga 2019-yilda “Atletiko” hujumchisi Joau Feliks loyiq ko‘rilgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!