17-noyabr – “Ivan Denisovich hayotidagi bir kun” asari chop etilgan kun. Ushbu asar buyuk rus yozuvchisi, Nobel mukofoti sovrindori Aleksandr Soljenitsinning ilk shedevridir. Shuningdek, u ilk marotaba Stalin qatag‘onlarini fosh etgani bilan mashhur.
“Daryo” kolumnisti Rahimjon Qudratov sana munosabati bilan asar taqdiri va uning yozilish tarixi haqida hikoya qiladi.
Soljenitsin o‘z xatlarida Stalin shaxsiga oid haqoratli fikrlar yozgani uchun 1945-yil qamoqqa tashlandi va uning Gulag tizimidagi bu ilk tajribasi 1953-yilgacha cho‘zildi. U do‘stlariga yozgan maktublarida Stalin ismini “xo‘jayin”, “boshliq” kabi so‘zlar bilan almashtirgan, qay ma’noda, yumshatib yozgan edi. Qamoqdan so‘ng surgunga yuborilgan Soljenitsin 1957-yilda surgun muddatini tamomlagach, “Ivan Denisovich hayotidagi bir kun” asarini yoza boshladi.
Asarni yozib tugatgach, uni darhol nashr etishni ko‘zlagan adib bir necha jurnallardan rad javobini oldi. “Noviy mir” jurnali muharriri Aleksandr Tvardovskiy qo‘lyozmani o‘qib chiqqach, lagerdagi hayotning batafsil tasviridan hayratga tushdi va asarni chop etish uchun kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasidan ruxsat so‘raydi. Nihoyat, qo‘mita ruxsati bilan kitob chop etildi. Asar 1950-yillarda sovet ishchi lagerida ishlaydigan oddiy bir mahbus, Ivan Denisovich Shuxovning bir kunlik hayot tarzini tasvirlaydi.
Kitobda tasvirlangan ishchi lageri shimoliy Qozog‘istondagi Qarag‘andada joylashgan bo‘lib, Soljenitsinning o‘zi o‘sha yerda biroz muddat xizmat qilgan edi. Stalin qatag‘onlari shu paytgacha biror marta ochiq muhokama qilinmagani sababli kitobning chop etilishi Sovet adabiyoti uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi. Asar keng muhokama qilinib, ko‘plab tanqidlarga uchradi. Ba’zi bir tanqidchilarning fikriga ko‘ra, shu kabi keskin ruhda bo‘lgan asarlarning chop etilishi Sovet Ittifoqining parchalanishiga olib kelgan voqealar zanjirini boshlab bergan edi. Yozuvchi va jurnalist Vitaliy Korotich asar haqida quyidagi fikrni bildirgan edi:
“Sovet Ittifoqi ma’lumot tufayli parchalandi va bu ma’lumotlar oqimini Soljenitsinning “Ivan Denisovichning hayotidagi bir kun” asari boshlab berdi”.
Yengilgan inson
Asar asosan yakka hokimiyat zulmi va lagerdagi tirik qolish mavzusini ko‘tarib chiqadi. Shuningdek, qamoqxona mas’ullarining qattiqqo‘lligi va buning natijasida kelib chiqqan ishchilar o‘rtasidagi adovat mavzusi ham asarda batafsil tasvirlab beriladi. Kitobxon asarni o‘qir ekan, Ivan Denisovichning mayda tafsilotlargacha izohlangan hayoti orqali kundalik ish tarzi keltirib chiqargan uqubatlar va oqibatda vaqtning o‘tishi ham sezilmasligi to‘g‘risida yaxlit tasavvur hosil qilib, qamoqxona dahshatlarini o‘z tanasida seza boshlaydi.Faqatgina mehnat bilan mashg‘ul bo‘lgan ishchilarning na boshqa bir ish qilishga, na boshqa mavzularda fikr yuritishga yetarli vaqti va kuchi qolmaydi. Ular uchun qamoqxonadagi eng muhim narsa – tirik qolish. Tirik qolishning eng asosiy omili esa bo‘ysunishdir. O‘z-o‘zini himoya qilishning o‘zi ham jazoga sabab bo‘ladi. Hatto o‘z-o‘zini himoya qilish va ayblovlarni tan olmaslik o‘lim kabi dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkinki, qamoqqa tushganlarning deyarli barchasi ayblovga qarshi chiqishdan qo‘rqib, yolg‘on ma’lumotlarni bo‘yniga olgani uchun qamalgan. Ivanning qilmagan aybini tan olish jarayoni shunday tasvirlanadi: “Shuxov hammasini tushundi. Agar u qo‘l qo‘ymasa, uni otishadi. Agar qo‘l qo‘ysa, yashab ketish ehtimoli bor. Shu sababli, qo‘l qo‘ydi”.
Asar markazida ana shunday taslim etilgan insonlar obrazi turadi. Bunday inson tamoman loqaydga aylanadi. Lagerdagi mahbuslar hatto uyiga maktub yozmaydi ham. Buning sababi esa quyidagi iqtibosdan ma’lum: “Yozish chuqur dengizga tosh tashlashga o‘xshaydi. Tosh tushaveradi, tushaveradi… Ammo javob yo‘q”.
Yakka shaxs azob-uqubatlari va ommaviy iztirob
Muallif qanday sababga ko‘ra qamoqdagi minglab mahbuslarning hayotini emas, balki yakka shaxsning kundalik hayotini tasvirladi? Ivan boshqalarga qaraganda ko‘proq azob chekkanmidi? Albatta, unday emas. Adabiy nuqtayi nazardan olib qaraganda, Soljenitsin alohida qahramonning bir kunlik hayot tarzini tanlab juda aqlli qaror qilgan edi. Bir necha kishining yoki ma’lum guruhning hayoti o‘quvchiga birgina insonning hayotichalik yaqindan ta’sir qilolmaydi. Agar adib ko‘pchilikning iztiroblari haqida yozganida qiyinchiliklarning o‘zi ham umumiy kasb etgan, o‘quvchida adib ko‘zlagan ta’sir hosil bo‘lmasligi mumkin edi.Inson tabiati shunday, yakka shaxs boshidan o‘tkazgan mashaqqatlar doim uning yuragiga yaqin bo‘lgan. Chunki bunday vaziyatda u o‘zini qahramon o‘rniga qo‘yib ko‘rishi, qiyinchiliklarni o‘z tanasida tuyib ko‘rishi mumkin. Ivanning hayoti o‘quvchining ongiga ko‘chib o‘tgan nuqta asarning muvaffaqiyatini belgilab beruvchi chegaradir. Asarda aytilgan “qorni to‘q odam ochlikdan sillasi qurigan odamni qanday tushunishi mumkin?” degan fikrda qanchalik haqiqat mavjud bo‘lmasin, asarning keng ommaga o‘tkazgan ta’siri adabiyotning har qanday insonga, har qanday sharoitda o‘z fikr-g‘oyalarini yetkazib bera olishini isbotladi.
Oqimga qarshi suzgan asar
O‘z davrida yetarli qadr topmagan asar kelajakda katta shuhrat qozonishi adabiyot uchun tabiiy hol. Ammo Soljenitsin asarlari “oqimga qarshi suzib”, o‘z mamlakati tarixini qora bo‘yoqlar bilan tasvirlaganiga qaramasdan, aynan shu jasorati uchun ham shuhrat topa oldi. Soljenitsin bu asaridan so‘ng ketma-ket to‘rtta asar yozdi va ular ham birinchi asari kabi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.Adabiyot yo‘nalishida Nobelni qo‘lga kiritgan adibning Nobeldagi nutqida ham uning ilk asari alohida tilga olindi. Adabiyotdagi uzun yo‘lini xalq ko‘zi oldida tortilgan pardani chetlab, davrga ma’qul kelmaydigan haqiqatlarni yoritish kabi mashaqqatlar orasida bosib o‘tgan adib adabiyotning asosiy vazifalaridan birini xalq ko‘ziga oyna tutgan kabi ko‘rsata oldi. Tarix hech qachon faqatgina yaxshi hodisalardan tashkil topmagan. Hech qaysi g‘oya esa faqat xalq manfaati yo‘lida ishlamagan.
Hatto xalq uchun xizmat qilishni o‘ziga maslak qilib olgan sotsializm g‘oyasi ham xalq boshiga ko‘plab kulfatlar keltirdi. Ammo buni hech kim yodga olishni istamas, bu barcha uchun birdek og‘riqli mavzu edi. Soljenitsin bo‘lsa, kamchilik va xatolarni unutish emas, balki ularni qaytadan eslash zarurligini, faqat shu yo‘l orqaligina kelgusida noto‘g‘ri qadam bosmaslik mumkinligini tushunar, buni qolganlarga ham tushuntirishni istardi. Unutilgan tarix kelajakda ham qaytalanaveradi, bu inkor etib bo‘lmas haqiqat.
Toki tarix dahshatlari, hukmdorlar ko‘rsatgan zulmlar barchaning yodida mahkam saqlanmas ekan, hech kim ularning oldini olishga urinmaydi ham. Stalinga qarshi aytilgan oddiy bir gap tufayli ham qamoqqa tushganlar, vatan yo‘lida xizmat qilib, dushmanga asir tushgani uchun vatan xoini sifatida ayblanganlar hayoti adib uchun eng og‘riqli mavzu edi. Barcha dohiy sifatida qabul qilgan hukmdorning zulmi esa uning ko‘z oldidan ketmas, oddiy xalq manfaati yo‘lida harakat boshlagan g‘oya shu xalqning ezilishiga sabab bo‘lgani uni tashvishga solar edi.
U o‘z tashvishlarini, o‘z boshidan kechirgan azob-uqubatlarini barchaga eslatmoqchi bo‘ldi va buni adabiyot vositasida uddaladi ham. Aynan uning asarlaridan so‘ng sovet tarixiga bir tomonlama yondashish to‘xtatilib, xolis yondashuvga ilk qadamlar qo‘yildi. O‘tmishni unutmagan yozuvchi esa ayni shu o‘tmishda erksevarlik va haqiqatparastlik g‘oyalarini kuylagani bilan muhrlanib qolishi shubhasiz.
Iqtiboslar
- Qamoqda ekaningga shukr qilishing kerak. Bu yerda qalbing haqida o‘ylab olishga vaqting bor;
- Adabiyot “ruxsat etilgan” va “ruxsat etilmagan” kabi cheklovlar doirasida rivojlana olmaydi. Adabiyot o‘z davriga moslashsa, kelajakdagi ijtimoiy va siyosiy xavflardan ogohlantirmasa, u adabiyot nomiga loyiq emas, u shunchaki soya. Bunday adabiyot o‘z o‘quvchilari e’tiboridan qoladi va o‘qiladigan kitobga emas, balki chiqindi sifatida ishlatiladigan qog‘ozga aylanadi;
- Bir kosa sho‘rva ozodlikdan ham, hayotning o‘zidan ham, o‘tmish, hozir va kelajakdan ham qadrliroq edi…
- Ozodlik u uchun faqatgina uyni anglatardi. Ammo uni uyiga qo‘yib yuborishmasdi.
Izoh (0)