Oqdaryodagi buyum bozorida yong‘in sodir bo‘ldi
Samarqand viloyati, Oqdaryo tuman, Loyish shaharchasi, Amir Temur ko‘chasida joylashgan Oqdaryo Savdo kompleksi MChJga qarashli buyum bozorida yong‘in sodir bo‘ldi.
Oqdaryo tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limining xabar berishicha, yong‘in 12-noyabr kuni taxminan soat 18:25 atrofida sodir bo‘lgan. Yong‘inni o‘chirishda 4 ta yong‘in qutqaruv qismi 5 ta yong‘in o‘chirish avtomobili bilan ishtirok etgan.
Oqdaryo tuman FVB yong‘in-qutqaruv qismi yong‘in haqida xabar kelib tushgach yong‘in sodir bo‘layotgan joyga 6 daqiqada yetib borgan. Kiyim-kechaklar va boshqa buyumlar bo‘lgan savdo do‘konlarini o‘chirish uchun taxminan 1 soat 10 daqiqa vaqt ketgan.
Ta’kidlanishicha, yong‘inning umumiy maydoni 180 kvadrat metrni tashkil etgan. Tan jarohati olganlar va vafot etganlar yo‘q.