Namangan shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati xodimi koronavirusdan vafot etgan fuqaroning jasadini qarindoshlariga topshirish uchun pora olayotgan vaqtida ushlangan. Bu haqda 7-noyabr kuni korrupsiyaning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilishda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, Namangan shahar Sanitariya va epidemiologiya osoyishtaligi xizmati xodimi Fozilov muqaddam pora olgani uchun sudlangan, shunga qaramay, unga imkon berilib, shahar Sanitariya va epidemiologiya osoyishtaligi xizmatining aeroport bo‘limi vrach yordamchisi sifatida ish berilgan.
“Uning qilmishlarini eshitsangiz, yoqa ushlaysiz... Fozilov koronavirus oqibatida vafot etgan Qahhorovning jasadini yaqin qarindoshlariga dafn etish uchun berish evaziga ulardan pul talab qilib, 2 million so‘m olgan vaqtida ushlandi. Yurtning boshiga kelgan og‘ir va sinovli paytda bunday jinoiy jirkanch qilmishlarni hech kim kechirmasa kerak, menimcha”, — dedi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Bosh prokurorning alohida qayd etishicha, “xalqimiz pandemiya tufayli murakkab sinovlarni boshdan kechirayotgan bir paytda aholini bu ofatdan asrashga qaratilgan resurslarga ko‘z olaytirayotgan noinsoflar ham uchrab turibdi”. Xususan, Sanitariya va epidemiologiya osoyishtaligi xizmatining Andijon viloyati bo‘limida 159 million so‘m, Xorazm viloyatida 240 million so‘m, Buxoro viloyatida 837 million so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan.
Avvalroq Namangan viloyatida koronavirusga chalingan tirik fuqaroning yaqinlariga uning o‘lgani haqida xabar berilgani ma’lum bo‘lgan edi.
Mavzuga doir:
- Toshkentda mayyitni o‘likxonadan chiqarish evaziga 200 dollar talab qilgan sudmedekspert ushlandi
- O‘zbekistonda dafn etilgan ayol shifoxonadan farzandlariga qo‘ng‘iroq qilgani haqida xabar tarqaldi. SSV bunday voqea bo‘lishi mumkinligini rad etdi
- “Yuqoriroq joyga murojaat qilinglar”. Zangiotadagi COVID-19 kasalxonasi oldida mayyitlarni olib ketish uchun yuzaga kelgan navbat videosi tarqaldi
- SSV Zangiotadagi shifoxonada mayyitlarni yaqinlariga berish tartibi haqida ma’lumot berdi
Izoh (0)