Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-noyabr kuni sog‘liqni saqlash sohasidagi joriy vaziyatga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazishi kutilmoqda. Bu haqda “Daryo” manbasi ma’lum qildi.
Manbaning ma’lum qilishicha, yig‘ilishda asosiy e’tibor koronavirusga qarshi kurashish emas, balki “ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘layotgan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimini to‘liq o‘zgartirishga qaratiladi”.
“Ayniqsa birlamchi bo‘g‘inga savollar to‘planib qolgan. Oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlari tizimini qayta ko‘rib chiqish, moliyalashtirish va kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan”, — dedi manba.
Bundan tashqari, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 3-noyabrdagi farmoni bilan Abduhakim Xojiboyev sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlangandi. Xojiboyev 2020-yil 15-iyul kunidan beri sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari sifatida ishlayotgandi. 2020-yil 16-iyulidan Prezident maslahatchisi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Amrillo Inoyatov uning birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
2017-yilning fevralidan buyon sog‘liqni saqlash vaziri sifatida faoliyat yuritgan Alisher Shodmonov esa Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori etib tayinlangan. 2016-yildan buyon Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori vazifasida ishlab kelgan Laziz To‘ychiyev Prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Izoh (0)