Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitova tumandagi fermerlar bilan uchrashuvda ularni “maraz”, “iflos” deb haqoratlagan, soya o‘simligi bilan bog‘liq rejani bajarmagan fermerlarga yerini olib qo‘yish bilan tahdid qilgan. Uning bu xatti-harakati qayd etilgan audioyozuv, jumladan, “Human.uz” sayti tomonidan e’lon qilindi.

Asabiy muloqot davomida hokim Mamitova fermerlarga: “Kimsan sen, o‘zingdan ketgan maraz, soya sotmagan iflos. Paxta qilmaysan, o‘zingdan ketib iflos”, deb gapirayotganini eshitish mumkin.

“Qani soyang bo‘lmasin, yeringdan umid qilma bittang ham. Soya qilasan, paxtang qoladi, bo‘lmasa ketadi. G‘alla ekkan taqdiringda ham ketadi. Ko‘zingni ochib ol hammang. Otingni qamchilab, bolangni olib bordirasanmi, enangni olib bordirasanmi, topasanmi, borib soyangni bajarib qo‘y, kunlik so‘rayman”, — deya, hokim fermerlarga tahdid ham qilgan.

Bo‘ston hokimi Sadbarxon Mamitova “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov voqea qachon bo‘lgani, nima sababdan fermerlarga bunday gapirgani va “og‘zidan chiqqan so‘zlar uchun o‘zi ham xijolatda” ekanini so‘zladi.

Sog‘lig‘imni yo‘qotganim tufayli ikki hafta shifoxonada yotib, davolanib chiqdim (“Human.uz” muxbiri bilan suhbatda Mamitova xonim koronavirusga chalinganini aytgan — “Daryo” izohi). Lekin ming afsuski, g‘alla ekish, sug‘orish ishlarimiz hamda soyani yig‘ib, terib, topshirish rejalarimiz ancha orqada qolib ketgan.

Soya o‘simligining urug‘ini shu yilning o‘zida prezidentimiz viloyat hokimi bilan birga Samaradan valyutaga olib kelgan, narxi juda qimmat. Soyani oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligini oldini olish maqsadida ko‘paytirish rejalashtirilgan. Tumandagi 108 ta fermer xo‘jaligining barchasiga soya urug‘i tarqatilgan. Ular g‘o‘zaning orasiga ham, g‘alla maydonining ochiq qismiga ham ekishgan edi.

Ammo ayrim fermerlar ekilgan soyani g‘o‘za bilan birga “karchuvalka” qilib, yulib tashlagan va o‘zlariga biriktirilgan keyingi yil ekadigan zaxirasini ham yo‘q qilgan. Buni joyiga qo‘yish kerak, axir valyutaga kelgan narsa. Men bu yilgi chigitni ham soya bilan birga ekishim kerak, bizga ajratilgan urug‘dan tuman yerlari uchun zaxira urug‘i olishim lozim. Qisqasi, har bir fermer o‘zi uchun o‘zi zaxira urug‘i tayyorlashi kerak.

Ba’zi fermerlar mas’uliyatni his qilmay, bee’tibor bo‘lgani uchun taxminan ikki kun avval tanbeh berdim. Stress paytida og‘zimdan chiqib ketgan so‘zlar uchun o‘zim ham xijolatdaman. Men ham o‘zimni jilovlashim kerak edi. Lekin bunday gaplarni aytib, odamlar bilan muomala qilish odatim yo‘q. O‘zimga yarasha hisob-kitobim bor.

Sadbarxon Mamitova, Bo‘ston tumani hokimi

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov Sadbarxon Mamitovani Bo‘ston tumani faollariga tuman hokimi sifatida tanishtirmoqda, 2020-yil, 4-mart.

Kadr: Andijon viloyati hokimligi

Sadbarxon Mamitova 2020-yil 4-mart kuni, “ayollarni hokim etib tayinlash oyligi” doirasida, Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi etib tayinlangan edi. Bungacha u 2007—2008-yillarda Jalaquduq tumani hokimi o‘rinbosari — tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, 2011—2017-yillarda Jalaquduq tumani Bandlikka ko‘maklashish markazi direktori, 2019-yildan “Yuksalish” umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning fevral—mart oylarida Andijon viloyatining Bo‘ston tumanidan tashqari, Sirdaryoning Boyovut, Buxoroning Olot, Qashqadaryoning Qarshi, Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanlariga va Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahriga ayol-hokimlar tayinlangan edi.

Ushbu tayinlovlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan. Mazkur tayinlovlarga munosabat bildirarkan, Prezident Shavkat Mirziyoyev “ayollar bo‘lgan joyda adolat, poklik bo‘lishi”ni ta’kidlagan, ularga hech narsadan qo‘rqmaslikni tavsiya qilgan edi.

“Ishonaman — ayollar rahbar bo‘lgan tumanlarda adolat bayrog‘i boshqacha hilpiraydi. Biz hokimlikka saylangan rahbar ayollarimizga doim yordam beramiz, yelkadosh bo‘lamiz. Bundan keyin ham katta-katta tashkilot va kompaniyalar rahbarligiga ayollarni tayinlash tashabbusi davom etadi. Biz ularni tayyorlayapmiz. Kimlargadir bu ish yoqmas, lekin menga yoqadi”, — degandi Prezident.