Kasaba uyushmalari federatsiyasi tashabbusi bilan 20-oktabr kuni Sirdaryo viloyatining bir qancha hududiga press-tur uyushtirildi. Tadbir ishtirokchilari, ya’ni nuroniylar, OAV va boshqa soha vakillari Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod hamda Sirdaryo tumanlarida bo‘lishdi. Ular Sardoba talafotidan so‘ng bunyod etilgan zamonaviy ko‘p qavatli uylar, ishlab chiqarish sexlari, qayta ta’mirlangan xonadonlar va bir qancha obyektlar bilan yaqindan tanishishdi. “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov Oqoltin tumanidagi “Yangi Toshkent” mahallasidan reportaj tayyorladi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Toshkent shahar hokimligi buyurtmasiga asosan, “Yangi Toshkent” mahallasi qisqa vaqt ichida yangi qiyofaga kirdi. 130 ta beton-panelli uy-joyda ta’mirlash-tiklash ishlari bajarilib, 200 dan ortiq oilaning yashash sharoiti yaxshilandi. Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suv ta’minoti tiklandi. MFYdagi mavjud 8 ta ko‘chaning har biriga poytaxt tumanlarining nomi berildi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Mahalla raisi Abdurauf Shodmonovning ta’kidlashicha, avval bu hududda MFY binosi yo‘q edi. Mahalla xodimlari maktabda ijarada faoliyat yuritgan. Bugungi kunda esa bir qavatli bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Binoda 5 ta muhim tashabbus doirasida yoshlar uchun musiqa, kompyuter va boshqa xonalar ajratilgan.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Sentabr oyida faoliyatini boshlagan zamonaviy kutubxona ham tabiiy ofatdan so‘ng bunyod etildi. Shu paytga qadar mahallada kutubxona bo‘lmagan. Ushbu ma’rifat maskanida mingga yaqin o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalari bor. 4 ta kompyuter yordamida kitobxonlar Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaning elektron kitoblaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanish imkoniyatiga ega. Kitobsevarlar talabidan kelib chiqib, badiiy asarlar uyda mutolaa qilish uchun ham beriladi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

“Yangi Toshkent” aholisini ish bilan ta’minlash maqsadida Toshkent shahar hokimligi tashabbusiga ko‘ra, 100 ta yangi ish o‘rniga ega “Nafis liboslar” tikuvchilik sexi ham tashkil etildi. Loyiha tadbirkor Bahrom Toshtemirovning 500 million so‘m shaxsiy mablag‘i va bankning 2 milliard so‘m krediti asosida amalga oshirildi. Korxona kelgusi yili to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 500 ming dona tekstil mahsulotlari ishlab chiqariladi. Ularning 60 foizini Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston davlatlariga eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

2004-yilda qurilgan oilaviy poliklinika ham qayta rekonstruksiya qilindi. Poliklinikaga yangi tibbiyot uskunalari, EKG, UZI olib kelindi. Bolalar nevropatologi, UZI shifokori ish boshladi, dorixona tashkil etildi. Qisqasi, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilandi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Shuningdek, hududdagi 130 o‘rinli 5-maktabgacha ta’lim muassasasi hamda 150 o‘rinli umumta’lim maktabi binosi ham qayta ta’mirlandi. Savdo va maishiy xizmat shoxobchalari, bolalar maydonchasi, sport majmuasi barpo etilib, ichki yo‘llar qurildi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”