Samarqand viloyatida tibbiyot oliygohiga kiritib qo‘yishni va’da qilib, abituriyentdan 7 ming dollar olgan stomatolog qo‘lga olindi va sud qilindi. Bu haqda “Zamon” informatsion-tahliliy dasturida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Samarqand shahrida stomatolog shifokor A.Sh. bilan jabrlanuvchi tanishib qolgan. Shifokor unga ming harakat qilsa ham, o‘qishga kira olmasligini, agar pulini bersa, tanishlari yordamida kiritib qo‘yishini aytgan hamda 7 ming dollar olgan. Pora olgani fosh bo‘lgan ayblanuvchining sudi ishxonasida, hamkasblari ishtirokida o‘tkazilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasining aytishicha, A.Sh. avval ham ikki marta sudlangan. Uning ishi 2018-yil 18-may kuni sudda ko‘rib chiqilgan va firibgarlik jinoyatini sodir etgan deb topilib, unga imkoniyat berilgan. Unga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Jazoni o‘tash paytida bo‘yin tovlagani uchun jazo og‘irlashtirilgan va ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirilgan. Uni o‘tash davrida A.Sh. mazkur firibgarlik jinoyatini sodir etgan.
Avvalroq Samarqandda Malibu’sini jarima maydonchasidan chiqarib berish uchun IIB xodimiga 400 dollar taklif qilgan shaxs, Toshkentda bo‘shab qolgan deputatlik o‘rniga saylanishda yordam berish uchun 3000 dollar so‘ragan deputat va Jizzaxda fuqaroni 2 million evaziga koronavirusga chalinganlarni davolash markaziga ishga kiritishni va’da qilgan SSB mutaxassisi qo‘lga olingani xabar qilingandi.
Izoh (0)