Buxoro viloyatida o‘rdak ovlab, qilmishi fosh bo‘lgach o‘ljasini yashirishga uringan brakonyerlar qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ekologiya sohasidagi nazorat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Jahongir Navro‘zov xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 11-oktabr kuni Jondor tumanidagi “Qumsulton” tabiiy suv havzasida viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasi bo‘yicha nazorat inspeksiyasi mutaxassislari hamda viloyat Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari hamkorligida tungi reyd o‘tkazilgan.
Brakonyerlarning tartibsiz xatti-harakati huquq-tartibot idoralari vakillarini sergaklantirgan. “Qumsulton” tabiiy suv havzasidan to‘qqiz bosh o‘rdak ovlagan fuqarolar — X.I va R.A. huquq-tartibot idoralari xodimlarini ko‘rib, “o‘lja”sini yashirib, qochishga uringan. Biroq bu natija bermagan.
Ov miltig‘i bilan ruxsatsiz, yashirin ravishda ov qilgan brakonyerlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 1-qismi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek, hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish) bilan ayblanib, jarimaga tortilgan.
Izoh (0)