"O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi”, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor, akademik Shavkat Akmalxonov 2020-yil 11-oktabr kuni 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar berdi.
Akmalxonov Shavkat Asamovich 1933-yil 18-avgust kuni Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. U 1956-yilda Samarqand qishloq xo‘jalik institutini olim zootexnik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
O‘zbekistonda chorvachilik sohasi rivojlanishida o‘zining katta hissasini qo‘shgan olim o‘z mehnati faoliyati davomida 10 ga yaqin doktorlik ishiga, 20 dan ortiq nomzodlik ishiga rahbarlik va opponentlik qilgan.
“Innovatsion rivojlanish vazirligi jamoasi va rahbariyati Shavkat Akmalxonovning bevaqt vafoti munosabati bilan uning yaqinlari va hamkasblariga chuqur hamdardlik bildiradi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Vazirlik Shavkat Akmalxonovning vafoti sababini ma’lum qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, falsafa, adabiyot va pedagogika fanlari bo‘yicha taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Jumanazar Bazarbayev 25-sentabr kuni 87 yoshida vafot etgandi. Tibbiyot fanlari doktori, professor Nazira Salohova 77 yoshida vafot etgani haqida ham xabar berilgandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, adabiyotshunos olim To‘ra Mirzayev 29-sentabr kuni 84 yoshida, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Tursunboy Rashidov 7-oktabr kuni 86 yoshida vafot etgandi.
Izoh (0)