O‘zbekistonga 9-oktabrdan yana sovuq havo kirib kela boshladi, kunning birinchi yarmida ayrim hududlarda havo harorati kechagidan 4-6 darajaga past bo‘ldi. “O‘zgidromet”ning xabar berishicha, xuddi shunday sovuq havo, ertaga 10-oktabrda respublika hududida ham davom etadi.
Kechasi harorat 3-6 daraja, shimolda 0-3 daraja sovuqqacha pasayadi va kunduzi 13-17 darajadan yuqori bo‘lmaydi. Qayd etilishicha, bu me’yordan 5-7 darajaga past.
Respublikaning katta qismida 9—10-oktabr kunlari quruq havo saqlanib qoladi. Faqat O‘zbekistonning janubi-sharqiy hududlari, Turkmaniston hududlaridan nam bulut massalari kirib keladi. Farg‘ona vodiysi viloyatlari hamda respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarining ayrim joylarida yomg‘ir yog‘adi, dengiz sathidan 2000 metr baland tog‘li hududlarda yog‘ayotgan yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor.
Yakshanba kuni O‘zbekiston hududining ko‘p qismida kam bulutli va quruq ob-havo kutilmoqda. Kechasi havo harorati 3-6 daraja iliq, shimolda 0-3 daraja sovuqqacha, kunduzi esa havo 18-20 darajagacha isiydi.
Mavzuga doir: O‘zbekistonda oktabr oyida qanday ob-havo kutilmoqda?
Izoh (0)